15 mingdan ortiq tadbirkorga kreditlarini milliy valyutaga o‘tkazish bo‘yicha takliflar yuborildi

15 mingdan ortiq tadbirkorga kreditlarini milliy valyutaga o‘tkazish bo‘yicha takliflar yuborildi

Sentyabr-oktyabr oylarida tijorat banklari tomonidan valyutada 1 mln. dollargacha qarzi bo‘lgan (qarzdorlik 2,5 mlrd. dollar) 15 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlariga xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarni milliy valyutaga o‘tkazish bo‘yicha takliflar yuborilgan.

Bu haqda Markaziy bank Raisining 2021 yil 21 oktyabrdagi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish qarori yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanidagi ma’ruzasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur tadbir joriy yilning avgust oyida prezident tomonidan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan “ochiq muloqot”da tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Jumladan, valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi tashkil etilib, bozor mexanizmlari asosida tijorat banklarining xorijiy valyutada olgan qarz mablag‘larini milliy valyutaga ayirboshlash masalasi ham ko‘tarilgan.
“Buning natijasida tijorat banklari tomonidan xorijiy resurslar hisobiga milliy valyutada uzoq muddatli kreditlar berish imkoniyati yaratiladi va bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotda banklar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun vujudga kelishi mumkin bo‘lgan valyuta risklarini oldini olish imkoniyatini beradi”, – deydi Markaziy bank Raisi o‘zining ma’ruzasida.

Ma’lum qilinishicha, hozirda kreditlarini milliy valyutaga o‘tkazish bo‘yicha yuborilgan takliflarga rozilik bildirgan 561 ta tadbirkorlik sub’ektlarining 123 mln. dollarlik kreditlari milliy valyutaga o‘tkazilib, qayta rasmiylashtirildi va bu amaliyot kelgusida ham davom etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!