O‘zbekiston delegasiyasi Buyuk Britaniyada: davlat boshqaruvi va fuqarolarga maslahat berish sohasidagi tajriba o‘rganildi

O‘zbekiston delegasiyasi Buyuk Britaniyada: davlat boshqaruvi va fuqarolarga maslahat berish sohasidagi tajriba o‘rganildi

Adliya vazirligi va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstrasiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi vakillaridan iborat delegasiya joriy yilning 30 noyabridan 7 dekabriga qadar amaliy tashrif bilan London shahrida bo‘ldi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Buyuk Britaniya va O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimi, fuqarolarga huquqiy maslahat ko‘rsatish amaliyotini o‘rganish va tajriba almashishdir, deb xabar beradi Kun.uzʼga Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Tashrif doirasida Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligida mamlakatimiz delegasiya a’zolarining qator davlat muassasalari, xususan, Vazirlar Mahkamasi Ofisi, Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi milliy instituti, Siyosat masalalari agentligi, Barqarorlashtirish masalalari agentligi vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Uchrashuvlar jarayonida Buyuk Britaniya davlat qurilishi tizimi, hokimiyatning asosiy organlari va bo‘g‘inlari tuzilmasi, davlat muassasalari, tashkilotlarining faoliyati, ularning ish uslubi va tamoyillari, vazirlik va idoralarning yagona reja va strategiyalarni ishlab chiqishiga doir ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegasiyasi davlat xizmatchilarini o‘qitish va malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan Public Administration International (PAi), Oxford Business School singari institutlar faoliyati bilan ham tanishdilar. Delegasiya a’zolari vazirlik xodimlarini Davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitishga qiziqish bildirdilar hamda kelgusida mazkur masala yuzasidan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldilar.

Shuningdek, Adliya vazirligi “Advice.uz” Yagona axborot portali ekspertlari Fuqarolarga maslahat berish Byurosi Milliy assosiasiyasi (National Association of Citizens Advice Bureaux) da ham bo‘ldilar. Unda fuqarolarga maslahat berish sohasi hamda Casebook Management fuqarolar murojaatlari boshqarmasi tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkilotning qator muhim boshqarmalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Buyuk Britaniya Davlat Raqamli xizmati o‘rtasida raqamli davlat xizmatlarini rivojlantirish hamda texnologiyalarga bo‘lgan an’anaviy yondashuvlarni isloh qilish sohasida axborot va tajriba almashishni nazarda tutadigan raqamli hukumat (Government Digital Services – GDS) bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Xususan, tomonlar “Advice.uz” Yagona axborot portali loyihasiga ekspert ko‘magini ko‘rsatish va vazirlik mutaxassislarini GDS Akademiyasida AKT sohasi bo‘yicha o‘qitish yuzasidan kelishib oldilar.

Tashrif yakunida tomonlar bu kabi tashrif va tajriba almashinuvlari xalqaro tajribani o‘rganish va bilimlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi, o‘zaro tajriba almashinuvlari bundan keyin ham konstruktiv va do‘stona ruhda davom etishini qayd etdilar.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!