UzAuto Motors taqdimotini o‘tkazgan 4 ta qimmat avtomobillar qaysi davlatlardan olib kelinishi ma’lum bo‘ldi

UzAuto Motors taqdimotini o‘tkazgan 4 ta qimmat avtomobillar qaysi davlatlardan olib kelinishi ma’lum bo‘ldi

UzAuto Motors 2019 yil oxirida taqdimotini o‘tkazgan to‘rt rusumdagi avtomobilning barchasi xorijdan import qilinadi.

Jumladan, Tahoe va Traverse AQShdan, Trailblazer Tailanddan, Equinox esa Xitoydan keltiriladi.

«Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, bu haqda 6 yanvar kuni «O‘zavtosanoat» rasmiylari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilingan.

«Bu – premium segment hisoblanadi. Bu segmentdagi avtomobillarning komplektasiyasi juda boy. Bu avtomobillarni ishlab chiqarish, agar noldan boshlab chiqaradigan bo‘lsak, bitta modeli uchun 1 milliarddan 2 milliard dollargacha ketadi.

Biz bu avtomobillarni olib kirishimizdan maqsad nima? Bilasiz, 40 ming dollardan qimmat bo‘lgan avtomobillarga bojlar tushirilgandan so‘ng, tashqi bozordan aynan shu segmentdagi avtomobillar kirib kelishni boshladi. Shu segmentdagi BMW avtomobillarining kirib kelishi 2019 yilda bir yil oldingiga nisbatan 400 baravar, Toyota 200 baravarga oshgan. Shuni o‘rganib chiqqanimizdan so‘ng biz Toyota va dunyodagi boshqa korxonalar bilan raqobat qilish strategiyasini ishlab chiqdik. Birinchi bosqichda biz tayyor holda avtomobillarni bozordagi talabni o‘rganish uchun olib kiryapmiz.

Strategiyamizga asosan, agar shu avtomobillarimiz bilan bozorda o‘rnimizni topa olsak, sotuvlar ko‘lami ishlab chiqarish darajasiga yetganidan keyin, biz investisiyalarni jalb qilgan holda bu avtomobillarni albatta ishlab chiqaramiz», — dedi «O‘zavtosanoat» AJ Savdoni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Mirsamukov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!