Toshkentda ichki ishlar xodimlari fuqaroni kaltaklagani rostmi?

Toshkentda ichki ishlar xodimlari fuqaroni kaltaklagani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlar va messendjerlarda bir nechta erkaklar urushib qolishganining videosi tarqalmoqda. Hodisani sharhlayotgan video muallifi xodimlar aybsiz odamga nisbatan qonunga xilof tarzda jismoniy kuch ishlatganlarini aytib o‘tgan. 

Mazkur ma’lumotlar haqiqatdan yiroq bo‘lib, videoda aks etgan shaxslarning va videoni sharhlagan fuqaroning shaxsiy fikridir.

Hodisa bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz. Probasiya xizmatining hisobida turuvchi muqaddam ikki marta sudlangan (2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “Odam savdosi”; 2020 yilda 276-modda 1-qismi “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar” bo‘yicha) Azizbek A. unga nisbatan sud tomonidan shartli ravishda belgilangan jazoni o‘tash qoidalarini tizimli ravishda buzganligi sababli probasiya katta inspektori mayor S. Saydaliyev tomonidan chaqirilgan. Bir necha bor chaqirilgach, Azizbek A. inspektorning kabinetiga yolg‘iz emas, do‘sti Farruh S. bilan birga kelgan.  

Suhbat davomida katta inspektor Azizbek A.ga shartli jazoni o‘tash qoidalariga rioya qilmaslik uchun ko‘zda tutilgan javobgarlik eslatildi va tartib tizimli ravishda buzilgan taqdirda shartli jazo sud organlari tomonidan ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirilishi haqida ogohlantirish berildi.

Farruh S. mazkur tanbehlarga javoban katta inspektorga qo‘pollik bilan e’tiroz bildirib, Azizbekning yonida xodimni bir necha bor urib qochib ketmoqchi bo‘ldi. Farruh S.ning probasiya katta inspektoriga yordamga kelgan xodimlar tomonidan qo‘lga olinishi jarayoni videoga tushgan.

Ko‘chaga chiqqach Farruh, uning singlisi 1993 yilda tug‘ilgan muqaddam 219 modda bo‘yicha sudlangan (“Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish”) Nilufar A. va Azizbek A. atrofdagilarning e’tiborini tortish va xodimlardan yashirinish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari fuqaro Farruh S.ni “kaltaklab” qonunga xilof tarzda qo‘lga olishmoqchiliklari haqida baqirishni boshlaganlar.

Mazur holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan 21 aprel kuni xizmat tekshiruvi tayinlanib, uning natijalariga ko‘ra xodimlarning xatti-harakatlarida qonun buzulishi va vakolati doirasidan chetga chiqish holatlari aniqlanmadi. Xizmat tekshiruvi xulosasida xodimlar O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq harakat qilishgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, Shayxontohur tumani prokuraturasi xizmat tekshiruvi hujjatlarini o‘rganib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (“Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish”) bo‘yicha Farruh S.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov davom etmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!