The Guardian nashri Gulnora Karimovaga berilgan 220 million dollar borasida maqola chop etdi

The Guardian nashri Gulnora Karimovaga berilgan 220 million dollar borasida maqola chop etdi

Britaniyaning The Guardian nashriga ko‘ra, Bosh vazir Boris Jonson boshchiligidagi Britaniya konservativ partiyasining asosiy donorlaridan biri Muhammad Amersi O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga pora berishda maslahatchi bo‘lgan.

Nashrning 4 oktyabrda chop etilgan maqolasida shved telekommunikasiya kompaniyasi Telia (sobiq Teliasonera - tahr.) Gulnora Karimovaga 220 million dollar pora berib, O‘zbekistondagi mobil bozoriga kira olgani aytilgan.

Muhammad Amersining advokatlari ta’kidlashlaricha, korrupsiya to‘lovlarini "ataylab" targ‘ib qilish haqidagi har qanday taxmin "yolg‘on"dir. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bitim bo‘yicha asosiy kelishuvlar bundan ikki yil oldin tuzilgan. Advokatlarning qayd etishicha, Amersi Telia Gulnora Karimovaga pora berishni rejalashtirayotganini "hatto o‘ylay olmagan".

Biroq, The Guardian va BBC Panorama o‘z tergovlari davomida ma’lum bo‘lishicha, Amersi Telia bilan olti yil ishlagan va kompaniyaning Markaziy Osiyodagi mobil bozoriga kirib kelishida muhim rol o‘ynagan.

The Guardian yozishicha, Muhammad Amersi shu davrda vositachilik qilgani uchun 65 million dollar olgan va yakshanba kuni chiqarilgan Pandora hujjatlari shuni ko‘rsatadiki, bu pullarning bir qismi Buyuk Britaniyada qimmatbaho ko‘chmas mulk sotib olishga sarflangan.

The Guardian va BBC Panorama minglab sahifalarni – elektron pochta, sud hujjatlari, hisob-fakturalar, korporativ fayllar va ichki hisobotlarni ko‘rib chiqdi va Amersining Telia kompaniyasining Markaziy Osiyodagi roli bilan tanish bo‘lgan ko‘plab manbalar bilan gaplashdi.

2017 yilda Muhammad Amersi Oksford universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda nutq so‘zlagan va uni "korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyati" uchun olqishlashgan. Uning o‘zi korrupsiyaga qarshi kurash "uning yuragiga yaqin mavzu" ekanligini aytdi.

Keniyalik 61 yoshli Muhammad Amersi Buyuk Britaniyadagi 2019 yilgi parlament saylovlarida Konservativ partiyaga 100 ming funt (136 ming AQSh dollari atrofida) xayriya qildi. Bundan oldin u Boris Jonson, Maykl Gove va Konservativ partiya rahbari va shuning uchun mamlakat bosh vaziri lavozimiga da’vogar bo‘lgan Jeremi Xantning saylov kampaniyalarini moliyalashtirishga o‘z hissasini qo‘shgan.

The Guardian nashrining yozishicha, hozirda turli telekommunikasiya loyihalarida ishtiroki bilan tanilgan britaniyalik tadbirkor, o‘zi yaratgan yangi guruh yordamida Yaqin Sharqdagi konservatorlar strategiyasiga ta’sir o‘tkazmoqchi.

Shu yilning fevral oyida Shvesiya sudi O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan Telia (Ucell brendining mahalliy nomi - tahr.) sobiq rahbarlariga nisbatan oqlov hukmini tasdiqladi.

Kompaniyaning uchta sobiq rahbarlari O‘zbekiston telekommunikasiya bozoriga kirish uchun taxminan 320 million dollarni pora sifatida Gulnora Karimovaning offshor kompaniyalar hisobiga o‘tkazganlikda gumon qilingan.

Bu shubhalar birinchi bo‘lib Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi va Shvesiyaning SVT telekanali jurnalistlari tomonidan o‘tkazilgan tergovda aytilgan.

2019 yil fevral oyida Stokgolm sudi o‘z hukmiga binoan ularni jinoyatlarda aybsiz deb topdi. Sudyalar Telianing sobiq rahbarlari "texnik jihatdan" Karimovaga pora bermagan deb hisoblashdi. Aynan mana shu qonuniy cheklov tufayli, Shvesiya sudi Telianing sobiq rahbarlarini oqlash to‘g‘risida qaror chiqardi.

Sud sharhida aytilishicha, faqat davlat yoki davlat xizmatchisiga pul yoki boshqa moddiy boyliklarning o‘tkazilishi korrupsiya deb baholanishi mumkin. Sud jarayonida prokuratura Gulnora Karimova pora berayotganda telekommunikasiya sohasida yetarlicha vakolatga ega bo‘lgan mansabdor shaxs ekanligi to‘g‘risida ishonchli dalillarni keltira olmadi.

Gulnora Karimovaning o‘zi qamoq jazosini o‘z vatanida o‘tamoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2020 yil 18 martda Karimovani 13 yil 4 oyga hukm qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!