Sirdaryoda harbiylar 15 yoshli qizni o‘lim changalidan qutqardi

Sirdaryoda harbiylar 15 yoshli qizni o‘lim changalidan qutqardi

Sirdaryo viloyati Shirin shahrida joylashgan xarbiy qism askarlari ehtiyotsizlik oqibatida kanalda oqib ketayotgan qizning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Shu yilning 18 mart kuni kechqurun safdoshim Dilmurod bilan harbiy qism kirish darvozasi oldida navbatchilik xizmati vazifasini bajarayotgan edik, deydi oddiy askar Muzaffar Ergashev. Bir payt yaqinimizdagi kanal tomondan Yordam beringlar, qutqaringlar... , degan ovoz elas-elas qulog‘imga chalindi. Navbatchilik postini sherigimga topshirib qo‘limda fonar bilan kanal tomonga yugurdim. Kanalga yetib kelgach, fonar yorug‘ida qarasam suvda kimdir bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay oqyapti. Rasiya orqali darrov harbiy qismga xabar berdim. Tezlikda yordamchi kuchlar keldi va qizni sog‘-salomat qutqarib oldik.

Yuqorida keltirilgan hodisaning guvohi bo‘lgan fuqaroning aytishicha, ular noqulay ob-havo sharoitiga qaramasdan, eni 110 metrni tashkil etadigan Janubiy Mirzacho‘l kanali ustidan 5 metr balandlikdan kesib o‘tgan quvurga osilgan holda jonli narvon hosil qilib, sekundiga 20-25 metr shamol tezligida suvga tushmasdan, shiddatli suv oqimida oqib kelayotgan qizni hech qanday talofatsiz qutqarib qoldi. Harbiylarimiz Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlash bilan bir qatorda har bir fuqaroning hayoti uchun mas’ul ekanliklarini yana bir bor isbotlashdi.

Xaloskor harbiylar Muzaffar Ergashev, Dilmurod Yakubov, Akramjon O‘ktamov va Habibullo Abdukarimovlar Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni Zokirjon Sayfuddinov tomonidan faxriy yorliq va komandirlik soatlari hamda Shirin shahar hokimi Ilhomjon Begaliyev tomonidan tashakkurnoma va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

Bugungi kunda qizning ahvoli yaxshi. Ota-onasi qizini hayotini saqlab qolgan xaloskor harbiylardan cheksiz minnatdor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!