Samarqandda 19 yoshli yigit fojia qurboni bo‘ldi

Samarqandda 19 yoshli yigit fojia qurboni bo‘ldi

Ko‘chaga chiqdikmi, yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanamiz. Shuning uchun xoh piyoda, xoh transport vositasida bo‘lsin, yo‘llarda harakatlanishning amalda belgilab qo‘yilgan qoidalariga qat’iy rioya qilishimiz shart.

Bu o‘zimiz va o‘zgalar sog‘­lig‘i hamda hayoti xavfsizligining kafolati ekanini doimo yodda tutishimiz kerak.

Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi bergan ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan 2020 yilning birinchi yarmida mamlakatimizda 2 388 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ana shu hodisalarning 624 tasi o‘lim bilan bog‘liq.

Ko‘ngilsiz hodisalar oqibatida 1 746 nafar kishi tan jarohati olgan. 2019 yilning birinchi yarim yiliga taqqoslaganda, bu ko‘rsatkich yetti foizga kamaygan.

Tahlillar ushbu ko‘ngilsiz hodisalarning 383 tasi bolalar, 1 154 tasi piyodalar va 101 tasi velosipedchilar ishtirokida sodir qilinganini ko‘rsatmoqda. Yo‘l-transport hodisalarining ro‘y berishiga asosan piyodalar yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tishi, yo‘lga to‘satdan chiqib qolishi, velosiped bilan yo‘l­ning qatnov qismida harakatlanish, haydovchilarning esa, belgilangan tezlikka rioya qilmasligi, quvib o‘tish yoki qa­­ra­ma-qarshi yo‘nalishga chiqish, rulda uxlab qo­lish, avtomo­bil­ni mast holda bosh­qarish singari qoidabuzarliklari sabab bo‘l­gan.­

Avtotransport vositasini mast holatda boshqarish ko‘ngilsiz hodisalarga olib kelganiga hayotda juda ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz.

Misol uchun o‘tgan yilning 31 oktyabr kuni ham shunday bo‘ldi.

Bulung‘ur tumani «Mehrjon» mahallasi hududidan o‘tuvchi 4 — R 47 avtomobil yo‘lida sodir etilgan avtohalokat oqibatida o‘n to‘qqiz yoshli yigit hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

Avtohalokat sababchisi Turdimurod (ism-shariflar o‘zgartirildi) bir kun avval jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudida qora kursida o‘tirib, qilmishlari uchun qonun oldida javob bergan, tavba-tazarru qilgan edi. Sud T. Latipovni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 1-qismi, 228-moddasi 1-qismi va 228-moddasi 3-qismidagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor topib, Jinoyat kodeksining 45, 59, 61-moddalari tartibida ikki yil muddatga muayyan hu­quqdan mahrum qilib, bazaviy hi­soblash miqdorining oltmish baravari miqdorida (13 million 380 ming so‘m) jarima jazosiga hukm qilgandi. Turdimurod sud tomonidan belgilangan jarimani to‘lashga ulgurmadi, falokat bosib u yana aybni og‘irlashtiruvchi ho­latda jinoyat sodir qildi.

Voqea tafsiloti shunday kechadi: Jomboydan Bulung‘urga qaytgan T. Latipov soat taxminan o‘n to‘rt­larda tuman markazidagi oshxonalardan biriga kiradi. Ovqatlanish chog‘ida spirtli ichimlik ichadi. Kechki vaqt soat 00.30 larda boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashinada tuman markazidan yashash uyiga qaytayotgandi. Qarama-qarshi tomondan kelgan avtomashina chiroqlari ko‘zini qa­mashtiradi, bunisi yetmaganidek, qo‘l telefoni ham jiringlab qoladi. Spirtli ichimlikdan sarxush Turdimurodning xayoli telefonga chalg‘iydi.

Oldingi yo‘nalishga qaramasdan harakatlanishni davom ettiradi.

Xuddi shu paytda u bilan bir yo‘­nalishda, yo‘lning o‘ng tomoni chetki qismida X. Xo‘jaqulov «Kama» rusumli velosipedini yetaklab o‘rtog‘i A. Samiyev bilan ketib borishayotgandi. Mast-alast haydovchi avtomashinani chap tomonga burishga harakat qiladi. Biroq oraliq masofa juda qisqa edi, avtomashina old qismi bilan velosipedni yetaklab borayotgan X. Xo‘jaqulovni urib yuboradi. Avtomashina yo‘l chetidagi daraxt­larga borib uriladi va ag‘darilib ketadi. Piyoda X. Xo‘jaqulov og‘ir tan jarohati olgani sababli voqea joyida vafot etadi.

Avtomashinani boshqarib borayotgan odam hech qachon avtohalokat ro‘y berishini istamaydi, o‘zi­ga ham, o‘zgaga ham yomonlikni sog‘inmaydi.

Sudlanuvchi Turdimurod Latipov ham ko‘ngilsizlik ro‘y beradi, deb o‘ylamagandi. Lekin ana shu oqibatni o‘ylamaslik nihoyasi fojiali yakun topdi.

Xo‘sh, haydovchi T. Latipov amaldagi «Yo‘l harakati qoidalari»ning qaysi talablarini buzgan?

«Yo‘l harakati qoidalari»ning 11-bandi «g» kichik bandida «transport vositasining haydovchisi harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa, bolalar, nogironlar, qariyalar va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi shart», 12-bandi 1-qismida «haydovchiga transport vositasini mastlik holatida boshqarishi taqiqlanadi», 77-bandida «haydovchi harakatning serqatnovligi, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hi­sobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilangandan oshirmasdan boshqarishi zarur. Tezlik hay­dovchiga ushbu qoidalar talablarini bajarishi uchun transport vositasining harakatini doimiy nazorat qi­lib borish imkoniyatini berishi kerak. Harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay olish imkoniya­tidagi xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini to‘la to‘xtatishni ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug‘dirmagan holda aylanib o‘tish choralarini ko‘­rish kerak» deb qat’iy belgilab qo‘­yilgan.

Biz bu qoidalarni bejizga keltirmadik. Gap shundaki, sudlanuvchi T. Latipovning ana shu qoi­dalarga amal qilmasdan ehtiyotsizlik va qoi­dabuzarlik sodir etgani bir yosh yigitning hayoti bevaqt zavol topishiga, o‘g‘li haqida shirin orzu-umidlarda yurgan ota-onaning kutilmagan yo‘qotishdan qaqshab qolishiga sabab bo‘ldi.

Sud dastlabki tergov organi tomonidan T. Latipovning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan to‘g‘ri malakalangan deb topdi. Ushbu jinoyatni ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat deb hisobladi.

Sudlanuvchining o‘z aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yashash joyidan ijobiy tavsifnoma berilgani uning aybini yengillashtiruvchi, mastlik holatida ji­noyat­ni sodir etganini aybni og‘irlashtiruvchi holat deb e’tirof etdi.

Endi sudlanuvchi T. Latipovga nisbatan sud tomonidan tayinlangan jazo turi va me’yoriga to‘xtaladigan bo‘l­sak, Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi 1-sonli qarori 54-bandiga e’tibor qaratamiz. Ushbu bandda «Jinoyat kodeksining 60-moddasida nazarda tutilgan bir nechta hukmlar bo‘yicha jazo tayinlash qoidalari birinchi hukm e’lon qilingandan so‘ng, lekin o‘sha hukm bo‘yicha tayinlangan asosiy va qo‘shimcha jazolar to‘liq o‘talganga qadar mahkum tomonidan yangi jinoyatni sodir etilgan hollarda qo‘llaniladi»deb sudlarga rahbariy tushuntirish berilgan.

Ta’kidlanganidek, jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudining sudlanuvchi T. Latipovga nisbatan 2020 yil 30 oktyabrdagi hukmi qonuniy kuchga kirmagan va ijroga qaratilmagan. Sud qonunchilikdagi bir nech­ta hukmlar bo‘yicha jazo tayinlash qoidalariga rioya qilgan holda, Ji­noyat­ kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida hukm bilan tayinlangan jazolarni to‘liq qo‘shib hi­soblashni lozim topdi.

Sud hukmi bilan T. Latipov besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan tashqari sudning hukmi bilan tayinlangan ikki yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish qo‘shimcha jazosi alohida ijroga qaratildi.

Xulosa qilib aytganda, «Yo‘l ha­rakati qoidalari»ga rioya etmaslik, ehtiyotsizlik va qoidabuzarlik hech qachon yaxshilikka olib kelmagan, kelmaydi ham. Mast holatda avtomashina boshqarish va hushyorlikni yo‘qotish bir inson umriga zomin bo‘lgani hammani hushyor tortirmog‘i lozim.

G‘ayrat NE’MATOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Bulung‘ur tumani sudi raisi,

Abduhamid XUDOYBERDIYEV,

jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!