Ramazonda mehmonga taom berish fazli

Ramazonda mehmonga taom berish fazli

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar va sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustofo sollallohu alayhi va sallamga cheksiz salotu salomlarimiz bo‘lsin.
Ramazonda har kuni jannat bezatiladi. Jannat o‘zi ta’rifiga til, fikrlashga aql ojiz darajada go‘zal. Ammo Ramazon kunlari u yanada bezatilar ekan. Hadisda: «Alloh taolo Ramazonda har kuni jannatini bezatadi», deyilgan. Imom Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilgan
Ramazon rizq-ro‘zlarga baraka beriladigan oydir. Salmon roziyallohu anhuning hadisida: «U (Ramazon) mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir», deyiladi.
Ramazon saxovat oyidir. Ramazonda xususan sadaqa va xayru ehsonlarning savobi yanada ko‘p va ajri ulug‘ bo‘ladi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda har doyimgidan ham ko‘ra ko‘proq saxovat qilar edilar, hatto, Ibn Abbos roziyallohu anhumoning ta’biri bilan aytganda, erkin shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketardilar. Shuning uchun ham musulmonlar qadimdan zakot ibodatini Ramazon oyida ado etishga odatlanishgan.
Erkin shamol – bu aynan biror tomonga yo‘naltirilgan emas, balki har tarafga yetadigan shamoldir. Bunday shamolning bahrasi hammaga, uchraganki kishiga tegadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Ramazonda saxovat qilishda xuddi o‘shanday shamolga o‘xshab ketar edilar, u zot shu qadar qo‘li ochiq bo‘lib ketardilarki, buni oddiy so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaganidan Ibn Abbos roziyallohu anhumo mazkur ta’birni ishlatishni ma’qul ko‘rganlar.
Yusuf alayhissalomning go‘zal ish-harakatlaridan biri, u zot hech qachon yolg‘iz taom yemas edilar, shuning uchun Alloh taolo u zotni Muhsin deb nomladi.
Ibrohim alayhissalom kunduzi taom yemoqchi bo‘lsalar, bir yoki ikki mil yurib bo‘lsa ham, birga ovqatlanish uchun bir mehmon axtarar edilar.
Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhu shunday dedilar: Uyimga mehmon keldi, uyda toza suv va qattiq nondan boshqa hech narsa yo‘q edi. Mehmonga borimni qo‘ydim, keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mehmonning fazilati haqida so‘radim. Shunda ul zot menga dedilarki: “Etti qavat osmon farishtalari yig‘ilsalar ham, buning tavsifini keltira olmaydilar. Kim Allohning sevikli bandalaridan bo‘lishni xohlasa, mehmoni bilan birga taom yesin”.
Bir kishi: “Buning (mehmonni ikrom qilishning)savobi nima, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam?”- deb so‘radi. “Buning savobi bir yil nafl ro‘za tutgan, Baytullohni haj va umra qilgan, Alloh yo‘lida dushman bilan jang qilgan kishining savobichadir”.
“Kimki mehmonning go‘zal qadam tovushlarini eshitib, xursand bo‘lsa, unga shahidlarning savobi beriladi va toki jannatdagi joyini ko‘rmagunicha dunyodan chiqmaydi”.
Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga aytildi: “Bu dunyoda siz sevgan narsa nima?”. “Mehmonga taom berish, dushmanga qilich urish(do‘shmandan murod nafsga qarshi ko‘rashni e’tiborga olganlar), yoz kunlarida ro‘za tutish”, - dedilar.
Osim ibn Hamza roziyallohu anhu dedilar: “Ali ibn Abu Tolibning roziyallohu anhuning huzurlariga kirdim, u zotni g‘amgin holda ko‘rdim va: “Alloh taolo sizga g‘am- tashvishni ko‘rsatmasin!” – dedim. Shunda u zoti sharif: “Etti kundan beri mehmon uyimga kelmayapdi, shu tufayli Robbim meni xor qilmasa deb qo‘rqaman!” – dedilar...
Ramazon salomatlik oyidir. Qadimda ham, hozirda ham ochlik bilan davolash muolajalari tabiblar o‘rtasida eng keng tarqalgan davolash uslublaridan hisoblanadi. Musulmon bo‘lmagan mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, inson jismonan sog‘lom yurishi uchun bir yilda 28, 29 kun ixtiyori och yurishi kerak ekan. Ramazon oyi esa 29, 30 kun davom etadi. Alloh taolo siz bilan biz mo‘min-musulmonlarga sog‘ligimiz garovi bo‘lgan ushbu muolajani ibodat qilib berib, ulkan ajru savoblarni, yaxshiliklarni va’da qilgan ekan.
Ibrohim Naxa’iy rohimahulloh aytadi:
   "Ramazonda bir kun ro‘za tutish boshqa vaqtdagi ming kundan afzaldir. Ramazonda bitta tasbih aytish boshqa kundagi mingta tasbihdan afzaldir".
"Ramazondagi bitta tasbih aytish boshqa oydagi mingta tasbihga tengdir".
Ibn Rajabning "Bug‘yatul inson fiy vazoifi Ramazon" kitobidan tarjima qilindi
Sollallohu ’ala sayidina va mavlana Muhammadin va ’ala alihi va sohbihi va sallam.
Sayyidimiz va mavloyimiz Muhammad alayhissalomga, oilalariga va sahobalariga Allohning salomi bo‘lsin.
Yunusobod tumani “Yunusobod oqtepa” jome masjidi imom noibi Urolnazar Mustofo tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!