Pedagogning aniq maqomini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Pedagogning aniq maqomini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ilgari surilgan o‘qituvchining jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan tashabbusini amalga oshirish yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

"Huquqiy axborot" kanali yozishicha, Yangi Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

  1. pedagog xodimlarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish;
  2. pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;
  3. pedagog xodimga umumiy belgilangan yoshdan besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini taqdim qilish;
  4. pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun uning oylik ish haqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larni daromad solig‘idan ozod etish;
  5. pedagog xodimga ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til, shuningdek, ta’til berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam berish;
  6. pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshining eng kam miqdorini belgilash va ko‘p yillik xizmati uchun ustama to‘lash tizimini joriy etish;
  7. pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash;
  8. oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimlarni oliy ta’lim muassasalariga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilish.

Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. 

Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda xalq ta’limi tizimidagi muassasalarning o‘zida yarim milliondan ortiq pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ushbu ta’lim muassasalarida 6,5 millionga yaqin o‘quvchilar ta’lim olib kelmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!