Oliy ta’limni tugatganlar ham endi muddatli harbiy xizmatni 1 yil davomida o‘taydi

Oliy ta’limni tugatganlar ham endi muddatli harbiy xizmatni 1 yil davomida o‘taydi

Kecha, 29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining anjumanlar zalida Mudofaa vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Mudofaa va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Nuroniy» jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Toshkent shahar va viloyati mudofaa ishlari boshqarmalari mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda dastavval so‘z olgan Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ulug‘bek Kadirov «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining mazmun-mohiyatini ochib berdi.

Mazkur qarorga muvofiq, joriy yildan boshlab muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezerviga chaqirish, chaqiruv oldi tayyorgarlik jarayonlari hamda Qurolli Kuchlar safida shartnoma bo‘yicha xizmatni davom ettirmoqchi bo‘lgan nomzodlarni saralash jarayoniga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar xususida ma’lumot berildi.

Endilikda, 2020 yildan boshlab 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan yigitlar bir yillik muddatli harbiy xizmatga borishi qat’iyan belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avval ham qonunchilikda huddi shu tartib mavjud edi. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra asosan, 23-24 yoshdagilar harbiy xizmatga yuborilar edi.

Yana qarorga ko‘ra, 2020 yildan boshlab oliy ta’limni tamomlagan bitiruvchilar ham 1 yillik xizmat qilishi belgilangani qayd etildi. Avval bu davr 9 oy bo‘lgan, natijada o‘tolmay qolgan 3 oylik o‘quv mashg‘ulotlari zaxiradagi harbiy xizmatchilar uchun yuklamalarning ortishiga olib kelgan.

Qarorning yana bir muhim jihati, endilikda harbiy xizmatga chaqiriluvchilar agar o‘z jismoniy natijalaridan norozi bo‘lsalar, hatto eng yuqori turuvchi organlar, prokuratura va sudgacha ham murojaat qilishi mumkin. Ammo ta’kidlash kerakki, bugunga qadar biror marta ham bunday holat kuzatilmagan.

Shuningdek, tadbirda mamlakatimizdagi barcha yig‘in va chaqiruv punktlarining moddiy-texnik bazasi, u yerda chaqiriluvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tibbiy komissiyalarning samarali ishlashi va chaqiriluvchilarni tibbiy-ko‘rikdan sifatli va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlariga ham to‘xtalindi.

Gulnora XODJAMURATOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!