Mudhish jinoyat! Toshkentda Milliy gvardiya xodimi 2,5 yashar bolakayni urib o‘ldirdi

Mudhish jinoyat! Toshkentda Milliy gvardiya xodimi 2,5 yashar bolakayni urib o‘ldirdi

Og‘ir kalla-miya jarohati natijasida yuzaga kelgan miyaning shishi, og‘ir kalla-miya jarohati, bosh yumshoq to‘qimalarining suyakdan travmatik ajralishi, katta gematomasi, miya yumshoq pardasi ostiga qon quyilishlar, miyaning lat yeyishi, tananing ko‘plab kontalash va shilinmalari... Bu Toshkentda fojiali tarzda vafot etgan, 2017 yilda tug‘ilgan bolakayga yetkazilgan jarohatlar. Uning qotili esa Milliy gvardiya xodimi. Ha, afsuski, shunday.

Xo‘sh, voqea qanday bo‘lgan? Gap shundaki, bolakay xolasining uyida xolasi va pochchasi bilan yashab kelgan. Milliy gvardiyada ishlaydigan pochchasi esa ichkilikdan tatib turardi. Bu esa oxir-oqibatda fojiaga yetakladi.

Oilaviy janjallardan birida bolakayning ishtonini ho‘llab qo‘ygani pochchaga bahona bo‘ldi. Zo‘ravon ichib kelib, jiyanini kaltaklaydigan, kuch ishlatadigan odat chiqardi. Birda qo‘li bilan ursa, birda oyog‘i bilan tepardi. Ana shunday zulmlarning biri o‘lim bilan yakunlandi. Alkogol ta’sirida bo‘lgan zolim pochcha esa buni keyin bildi. Rafiqasini o‘lim sababini aytmaslik bilan qo‘rqitdi. Xola esa bolakayning zinadan yiqilgani, tili tortilib qolgani, xullas, ko‘ngilsiz baxtsiz hodisa tufayli vafot etganini ta’kidlashdan charchamadi. Ammo...

“Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi”, deb bejiz aytmagan xalqimiz. Milliy gvardiya xodimining ham qilmishi fosh bo‘ldi. Bolakayning uzluksiz zo‘ravonlik, kaltaklar qurboniga aylangani ma’lum bo‘ldi. 2,5 yashar bolani spirtli ichimlik ta’sirida o‘ldirgan jinoyatchi Jinoyat kodeksining ikkita — 97-modda 2-qismining «v,j» bandlari (ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish) hamda 110-modda 2-qismining «a,v» bandlari (voyaga yetmagan bolani muttasil ravishda qiynab, do‘pposlash) bilan 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!