Marhum yigit vidolashuv arafasida tirildi

Marhum yigit vidolashuv arafasida tirildi

Bu voqea, aniqrog‘i, mo‘’jiza Hindistonning Telangan shtatida ro‘y berdi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Rossiyaning “RIA Novosti” axborot agentligi Dehlidagi mashhur nashrlardan biri “Hindustan Times” tarqatgan xabarga tayanib, yozishicha, iyun oyining oxirgi kunida 18 yoshli Gendema Kiran ahvoli tang holda kasalxonaga yotqiziladi. Uning tana harorati yuqori bo‘lib, qayt qilishlar tinka-madorini quritgan.

Shifokorlar tashxisicha, yigit gepatitning eng og‘ir formasiga mubtalo ekan. Bemorning ahvoli tobora yomonlasha borgach, shifokorlar uni malakali xizmat ko‘rsatadigan xususiy klinikaga davolatishni maslahat beradi. Lekin tavsiya qilingan shifoxonaga joylashtirilgan bemorda yaxshi tomonga o‘zgarish kuzatilmaydi. U komaga tushib qoladi.

Oradan taxminan bir haftacha o‘tgach, klinika shifokorlari Kiranning miyasi ishlashdan to‘xtab qolgani, shu sabab uning tirik qolish imkoniyati yo‘qligini ota-onasiga bildiradi. Shifokorlar bemorning hayotini vaqtincha saqlab turuvchi apparatni tanadan ajratib qo‘yishni taklif qiladi. Ammo yurak-bag‘ri yongan onaizor bunga ko‘narmidi?

– O‘g‘ilginam o‘zi tug‘ilgan uyida so‘nggi nafasini olishini istayman, – dedi ona.

Kiranni uyga olib ketishdi. Uning ko‘zlarida hayot uchqunlari so‘ngan edi. Noiloj, endi hindlar urf-odatlariga ko‘ra, jasadni kremasiya qilish, ya’ni o‘tda yoqishga to‘g‘ri keladi. 

Bu marosimga tadorik ko‘rilayotganda, farzandi yonida bag‘ri xun giryon o‘tirgan ona jigarbandining ko‘z chetlarida sizilib oqayotgan yoshlarni payqab qoldi. 

Qarindoshlar zudlik bilan tez yordam mashinasini chaqirishdi. Yetib kelgan shifokor yigitning yuragi hali urib turganini qayd qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oila, onaizorning iltijo nolalari Kiran hayotini saqlab qolgan.

Yigitcha shifoxonaga olib ketildi.

– Oradan uch kun o‘tgach, jigargo‘shamiz o‘ziga keldi va past ovozda gapira boshladi, – deydi Kiranning volidasi. – Uni kasalxonadan javob berishdi. Hozirda o‘g‘limni uyda shifokorlar maslahati bo‘yicha davolayapmiz.

Bunday holat Xitoyda krimasiya qilish arafasida 8 yoshli bola bilan ham yuz bergan edi.

Ha, buxorolik suyukli marhum shoirimiz Sadriddin Salim Buxoriy bitganidek, “Mo‘’jiza behisob dunyoda...”.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!