Imomlarda so‘z erkinligi bormi?

Imomlarda so‘z erkinligi bormi?

So‘nggi vaqtlar tan olishimiz kerak, matbuotimiz ancha erkinlashdi. So‘z erkinligining bo‘g‘ilishi insonning qamoqxonada o‘tirgani kabidir. Hatto o‘y-fikrlaringiz ham go‘yo zindondagidek. Qariyb bir asr fikrlar, so‘zlar bo‘g‘ilgan holatda bo‘ldi. So‘z erkinligi deb qancha hurfikrlar qatag‘onga uchradi. 

“Kichkina tabib” filmidagi Mashrab obrazini eslang. O‘sha qahramonning ko‘p qavatli uyning tomiga chiqib,  "Gapirishga tilim bor-u, lekin xaqim yo‘q" deb alamdan qilgan faryodi olam-olam ma’nolarni anglatadi... Bu xalq tomga chiqib bo‘lsa-da fikrini ochiq aytishga qo‘rqib qolgandi. Necha yillar davomida gapirishga haqimiz bor edi-yu, ammo tilimiz kesilgandi. Allohga behisob hamdlar bo‘lsinki bugungi ommaviy axborot vositalari ancha erkinlashgan. Xato bor joyda baralla gapiryapti. Bu biz uchun juda katta  ijobiy natija. Jurnalistlar ham o‘z kasblariga vijdonan yondashib xalqning dardini, kamchiliklarini hukumatga yetkazyapti. Hukumat ham ko‘p hollarda buni eshityapti va muammoning yechimini izlashga harakat qilyapti. Keling, uzoqqa bormaylik. Bundan 5-10 yil ilgarigi vaqtni olsak, hukumatning bir vakilini tanqid ostiga olgan jurnalist mushkul ahvolda qolar, ishidan haydalar yoki qamalardi. Yoki biron chet mamlakatga qochib ketardi. 

Matbuot so‘ngi yillarda ancha yaxshi natijaga erishganini e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q.

Endi bir mulohazani sizga aytsam: matbuotga berilgan erkinlikni imomlarimizga ham bering. Ular ham erkin ma’ruzalar qilishsin. Imomlarimiz ham aslida ijodkor. Har juma ma’ruzasida ularni qolipga solib erkinligini bo‘g‘mang. Agar o‘zlariga qo‘yib bersangiz bir hafta davomida o‘zi tayyorlagan mavzuni jamoatga yetkazadi. Bu esa ilmlar xilm-xilligi, mav’izalarning turli-tumanligiga sabab bo‘ladi. Qarabsizki, keyin yoshlarimiz ko‘chadan, internetda ma’ruza izlamaydi, o‘zimizniki bilan qanoatlanadi. Bu esa juda ko‘p yoshlarning noto‘g‘ri oqimlarga kirib ketishining oldini olishi mumkin. Jurnalistlarning tanqidlarini toqat qilib eshityapsiz. Bilingki imomlarimizning ham sizga aytar so‘zi, nasihatlari bor. Ularni ham tinglab,  nasihatlaridan xulosa chiqarsangiz nur ustiga nur bo‘ladi.

Turkiyada safarda vaqtimizda masjidlarda imomlarning shariatga mos, o‘ta erkin, jamoatning talabiga va turli mavzularda ma’ruza qilishining guvohi bo‘ldik. 

Masjiddagi imomlar aslida sizning vakilingiz. Ularning erkinligi esa xalq uchun juda muhim masala. Bir xil mavzudagi tezis bilan ularning ijodiy qobiliyatini so‘ndirmang. Agar imomlarimizga erkinlik berilsa ular izlanib, xalqqa Qur’on oyatlarning eng daqiq ma’nolarini tushuntirib beradi, ma’naviyatimizni eng yuqori cho‘qqiga olib chiqadi, inshaAlloh. 

Yorqin Ernazarov

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!