Farzandingizni “o‘ldirib” qo‘ymang...

Farzandingizni “o‘ldirib” qo‘ymang...

Hammamizga tanish manzara: ko‘cha-kuyda, poyezd yoki avtobusda ketayotgan boshqa millat vakillari endigina tili chiqqan bolasining har bir savoliga xuddi katta odamga tushuntirayotgandek, mukammal javob beradi. Biz uchun bu ikki karra hayratomuz: birinchisi ota-onaning go‘dak farzandiga erinmasdan, maydalab tushuntirishi bo‘lsa, ikkinchisi shugina tirmizak ning xuddi kattalardek fikrlashi va gaplarining burroligi! Agar o‘sha go‘dakka mikrofon tutsangiz ham, u hech tortinmasdan, fikrini boshqalarning qolipi ga solmay javob beradiki, hayratlanmay ilojingiz yo‘q!

Bunisi ham hammamizga tanish o‘zbekona manzara: sersavol bolasining savollariga ona (ota), avvaliga bolalarcha sodda javob beradi (masalan, bo‘ji opketdi, tashla, qix bo‘ladi va h.k.) Savol ketidan savol yog‘ilavergach, charchagan ota (balki, savolga jo‘yaliroq javob topa olmaganidan) eng ishonchli usul ni qo‘llaydi: Bor, oyingdan so‘ra . Onasi, tabiiyki, otadan ham bandroq bo‘ladi. Bolasini koyib beradi: Birpas jim

tur, charchadim. Tavba! Xudoning uyi qayerda emish! Men qayerdan bilaman? Bola bo‘lsang boladay bo‘l-da!

Ko‘pincha, sersavol va sermulohaza o‘quvchi maktabda ham olqishlanmaydi. O‘z fikriga ega bolalar, o‘zlari bilmagan holda o‘qituvchi va mutasaddilarga noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Undaylar haqida: ko‘p gapiradi, aqlli lik qiladi , deydilar. Ba’zan, salbiy ma’noda qo‘llaniladigan aqlli degan ta’rif yosh mutaxassisga ayb tamg‘asi bo‘lib bosilishi hech gap emas! O‘zbekchilik da: Bizga haqiqat emas, to‘g‘ri so‘z kerak , degan tagdor ibora bor.

Ko‘pincha, haqiqat mash’ali , uni baland tutgan odamning o‘z qo‘lini kuydiradi. Shuning uchun, o‘z fikrini erkin va ochiq bildiruvchi odamlarni ba’zan xushlamaydilar.

Chindan ham, bundaylar o‘zbekchilik ning yozilmagan qonunlari va nozik jihatlarini unchalik his etmaydilar. O‘z o‘rni va vaqtida aytilmagan haqiqat yolg‘ondan ham yomon , Bilaman dedim tutildim, bilmayman dedim qutildim degan kabi mulohazalarni mahkam tutganmiz. Buning ijobiy va shu bilan birga, salbiy jihatlari ham yo‘q emas.

Aslida ochiq va to‘g‘ri so‘zni, haqiqat va Haqni insonga bolalik chog‘larida ota-ona va oila singdirishi lozim. Bolaning ulg‘ayishi yaxshi bo‘lsa, yoshligidanoq unga dunyo va oxirat haqida to‘g‘ri ma’lumotlar berilsa, balog‘atga yetgan vaqtda bu so‘zlar unga ta’sir qiluvchi, foydali, qalbida go‘yo toshga naqsh o‘rnashganday mustahkam joy oladi. Agar bolaning ulg‘ayishi buning aksi bo‘lib, o‘zi istagan savollarga javob topa olmasa bora-bora u o‘yin, yomonlik, behayolik, taom va libos ochko‘zligi, ziynat, maqtanchoqlikka o‘rganib, qalbi haqiqatni qabul qilmaydigan bo‘lib toshday qotib qoladi. Ishlarning eng muhimi tarbiyaga e’tibor berishdir, chunki bola fitratan yaxshilik va yomonliklarni baravar qabul qiluvchi etib yaratilgandir. Albatta ota-onalari uni ikki tarafning biriga moyil qilishadi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Har bir go‘dak fitratda tug‘iladi. Ota-onasi uni yo yahudiy, yo nasoro, yo majusiy qilib qo‘yishadi (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Sahl ibn Abdulloh Tustariy aytadilar: Uch yoshligimda kechasi turar edim va tog‘am Muhammad ibn Sivorning namozlariga qarab turardim. Bir kuni menga Seni yaratgan Allohni eslaysanmi? dedilar. Men: Uni qanday eslayman? dedim. Shunda u kishi: Ko‘rpangga yotayotgan vaqtingda tilingni qimirlatmasdan uch marta qalbing bilan Alloh men bilan birga, Alloh menga qarab turuvchi, Alloh meni ko‘rib turuvchi , degin , dedilar. Ana shuni bir necha kun aytdim, so‘ngra u kishiga buni izhor qildim. Menga Yana har kecha yetti martadan ayt , dedilar. Yana bir necha kun aytdim. So‘ngra u kishiga bildirdim. Menga Yana har kecha o‘n bir martadan ayt , dedilar. Aytdim, ana shunda qalbimga uning halovati tushdi. Shundan bir yil o‘tgandan keyin tog‘am yana menga Senga o‘rgatgan narsamni yodingda tut va to qabrga kirguningcha doim uni aytib yur, chunki u senga dunyoda ham, oxiratda ham foyda beradi , dedilar. Shuni bir necha yil davomida aytib yurdim. Botinimda ham uning halovatini topdim. So‘ng tog‘am menga bir kuni Ey Sahl, qaysi bir inson bilan Alloh birga bo‘lsa, unga qarab turuvchi va uni ko‘rib turuvchi bo‘lsa, u kishi Allohga osiylik qila oladimi? Sen ham Allohga osiy bo‘lishdan saqlan , dedilar. Men yolg‘iz yurar edim, meni maktabga yuborishdi. Men: Maqsadlarim (ya’ni, Allohga yaqinlashishga intilish) tarqalib ketishidan qo‘rqaman , deb aytdim. Lekin ular muallim bilan men bir soatga borib, ta’lim olgach, qaytib kelishimga shartlashib olishdi. Maktabga bordim va Qur’onni ta’lim ola boshladim. Uni olti yo yetti yoshimda yodlab bo‘ldim. Har kuni ro‘za tutardim. Taomim esa o‘n ikki yil ichida arpa noni bo‘ldi. O‘n uch yoshligimda bir masala chiqib qoldi. Oilamdan Basraga ana shu masalani so‘rash uchun yuborishlarini so‘radim. Basraga bordim va ulamolardan so‘radim, biron kishi savolimga javob bera olmadi. Basradan Ibodonga bir kishining oldiga bordim. U kishini Abu Hubayb Hamza ibn Abiy Abdulloh al-Ibodoniy, deyishardi. U kishidan masalani so‘radim, menga javob berdilar. Men oldilarida bir muddat qolib, ilmlaridan foydalandim va odoblarini o‘rgandim. So‘ngra Tustarga qaytib keldim. Ovqatim uchun bir dirhamga arpaning o‘zini sotib olish bilan kifoyalandim. Shuni yanchib non qilib berishardi. Bir uvqiyasini har kecha saharlik paytida tuzsiz va nonxurushsiz yerdim. Bir dirham bir yilga yetardi. So‘ngra uch kecha ketma-ket och yurib, keyin yedim. So‘ngra besh kecha, so‘ngra yetti kecha, so‘ngra yigirma besh kecha och yurdim. Mana shu holda yigirma yil o‘tdi. So‘ng yer yuziga bir necha yilga sayohatga chiqdim. Keyin Tustarga qaytib keldim. Kechaning hammasida Alloh xohlaganicha qoyim bo‘lar edim . Ahmad aytdilar: Allohga yo‘liqqunlaricha u kishining tuz yeganlarini ko‘rmadim .

Yana bir hikoyada aytilishicha, Misr podshohi Rum sultoni bilan adovat binosini buzib, do‘stlik rishtasini bog‘ladi va o‘z o‘g‘liga uning qizini nikohlab berdi. Bu ikki davlat sohibi bir-biri bilan do‘stlashganidan ikkala mamlakat ham obod va farovon bo‘ldi.

Bir kuni Misr podshohi Rum shahanshohiga noma yuborib, unda: Farzandlarimiz hayotimizning asosi va tirikligimizning nishonasidirlar, bizlar vafot etganimizdan keyin nomu nishonimiz hayotda ular orqali yashab qoladi. Men o‘g‘lim uchun ajoyib, nafis matolar va hisobsiz yaxshi ot, tuya va boshqa hayvonlar, qullar, ko‘shk va imoratlar zaxira qilib qo‘ydim. Siz farzandingizning kelajagi uchun qanday tadbir ko‘rdingiz? , deb so‘radi.

Rum podshohi maktubni o‘qib, tabassum qildi va dediki: Mol bevafo, yoru dildor bebaqodir, uning hisobini qilmoq ne kerak. Bu besh kunlik o‘tar dunyoda o‘tkinchi matolarga aldanish kerak emas. Men farzandimni adab va tarbiya sarposi bilan orasta qildim, yaxshi sifat va odoblarni uning uchun zaxira qildim. Molga zavol yetadi, ammo yaxshi xulq, tarbiya o‘zgarmaydi va yo‘q bo‘lmaydi . Misr podshohi bu so‘zlar rostligini tasdiqlabdi.

Xulosa o‘rnida. Farzandingiz tug‘ilganda qanday quvongan bo‘lsangiz, u savol berishni boshlaganda ham shunday quvonch bilan javob bering. Bolajoningiz bilmoqchi bo‘lgan narsalarni ayting, dunyo va oxirat haqida, Alloh taolo va uning ne’matlari xususida go‘dagingizga to‘g‘ri ma’lumotlar berib boring. Jajji murg‘ak qalb egalarini hech qachon aldamang, ularga g‘azab qilib nafratlanishni o‘rgatmang. Eng avvalo o‘zingizni taftish qilib, yaxshilar qatoriga kirishga harakat qiling. Zero, farzandingiz albatta sizdan o‘rnak oladi...

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!