Dilorom Toshmuhammedova yangi tizimdagi rahbarlik faoliyatini yangi markaz ochishdan boshladi

Dilorom Toshmuhammedova yangi tizimdagi rahbarlik faoliyatini yangi markaz ochishdan boshladi

Termizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasining tubdan rekonstruksiya qilingan yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.Toshmuhammedova va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Uch qavatli muhtasham binoda viloyat va Termiz shahar markazlarining samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Birinchi qavat “Oila” markazi bilan hamkorlikda ishlaydigan nodavlat tashkilotlarga ajratilgan. Ikkinchi qavatda shahar “Oila” markazi, boy kitob fondiga ega “Oila” kutubxonasi, o‘quv zallari, trenirlar uchun maxsus jihozlangan xonalar hamda fuqarolarni qabul qilish xonasi joylashgan. “Oila” markazining viloyat boshqarmasi uchinchi qavatga joylashgan. Bu yerda keng, yorug‘ faollar zali ham bunyod etilib, zamonaviy usulda jihozlangan. Yer to‘lada oshxona va omborxona qurilgan. Barcha qavatlarga kuzatuv kameralari o‘rnatilgani, xonalar zamonaviy axborot-kommunikasiya jihozlari bilan ta’minlangani ham xodimlarning ish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida tashkil etilgan yangi markaz xotin-qizlar qo‘mitasining eng yaqin hamkori va ko‘makchisiga aylanmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova.– Ayni paytda vohada ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, notinch va muammoli oilalarni aniqlab, manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash singari xayrli ishlarda markaz xodimlari yaqindan ko‘maklashayotir. “Oila– jamiyat va davlat himoyasida” konstitusiyaviy tamoyilini keng targ‘ib qilishga intilmoqda. Yangi binoda markaz bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat bo‘limi, “Barqaror hayot” nodavlat notijorat tashkiloti va boshqa qator xo‘jalik yurituvchi tashkilotlarga ham xona ajratildi. Bu ularning markaz bilan yaqin aloqada bo‘lib, ish yuritishida muhim o‘rin tutadi.

Viloyatda 700 mingdan ortiq oila mavjud. Markaz xodimlari oilalar o‘rtasida “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyasini hayotga izchil tatbiq etishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirishga bel bog‘lagan. Shu maqsadda zamonaviy oilani rivojlantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilaning ichki munosabatlari, boy madaniy, tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlar muammolari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish asosida oila institutini mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda.

– Dastlabki tahlillarimizga ko‘ra, viloyatda 500 dan ortiq notinch oila bor, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi rahbari D.Jo‘rayeva. – Shuningdek, 4 ming 912 nochor, 372 oila ajrim yoqasida turgani ma’lum bo‘ldi. Hozir biz joylardagi ana shu oilalar bilan tadqiqot olib borib, ishlayapmiz. O‘quv kursimizga tajribali psixolog, sosiolog va huquqshunoslarni, reproduktiv markazi mutaxassislari, imom-xatiblar va otinoyilarni jalb etib, yosh oilalar, yigit-qizlar, nikohlanuvchi shaxslar ishtirokida seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Yangi binoda zimmamizga yuklangan barcha ishlarni sifatli, tezkor amalga oshirib, jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarni yanada mustahkamlash uchun barcha sharoit yaratilgani bizni ko‘proq izlanib, unumli mehnat qilishga undamoqda.

Tadbir ishtirokchilari zamonaviy qiyofada qad rostlagan ko‘rkam binoda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.  
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!