Adashganlargina Robbining rahmatidan noumid bo‘lur

Adashganlargina Robbining rahmatidan noumid bo‘lur

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning olamga taqdim qilgan ulkan xizmatlaridan — umidsizlik va shumlanishga qarshi kurash va insonda orzu-umidni va o‘ziga ishonch ruhini tiriltirishdir.

Islomdan oldin odamlar Allohning rahmatidan umidsizlik va insondagi yaxshiliklarni inkor etish holiga tushib qolgan edilar. Ularning bunday holga tushishlarida o‘sha vaqtdagi qadimiy sharqiy diyonatlarning va Ovrupo va Yaqin Sharqdagi buzilgan masihiylikning hissasi katta edi.

Hindistondagi qadimiy diyonatlar tanosux (ruhning ko‘chib yurishi) aqiydasiga e’tiqod qilar edilar. Bu e’tiqod bo‘yicha, inson irodasiga va tasarrufiga mutlaqo o‘rin yo‘q edi. Har bir inson qandaydir ilojsiz uqubat tortmog‘i lozim edi. Buning uchun u qandaydir yovvoyi yirtqich, uy hayvoni yoki pastkash hayvon yoxud azoblangan inson shakliga kirmog‘i zarur edi.

Masihiy diyonati esa inson tug‘ilishidan va yaratilishidan osiy va gunohkor bo‘lishi, Masih ana o‘sha gunohlar uchun kafforot va qurbon bo‘lganligi haqidagi e’tiqodni olg‘a surar edi. Albatta, bu e’tiqod o‘z-o‘zidan olamning madaniyatli o‘lkalaridagi masihiylikka ergashgan millionlab kishilar qalbiga shumlanish, kelajakdan va ilohiy rahmatdan umidsizlik ruhini jo qildi.

Mana shunday bir vaqtda Payg‘ambar alayhissalom inson tabiati pokiza ekanligi, unga hali biror narsa bitilmagani, unga eng go‘zal narsalar naqsh qilinishi, eng go‘zal yozuvlar yozilishi mumkinligini e’lon qildilar. Har bir inson o‘z hayotini o‘zi boshlashi, savob, gunoh va jannatu do‘zax uning o‘zining amaliga qarab bo‘lishini e’lon qildilar. Qur’oni Karim ko‘plab joylarda har bir inson faqat o‘z amalidangina mas’ul ekanligi, o‘z qilganiga qarabgina savob yoki iqob olishini ta’kidladi:

«Albatta, hech bir yukli jon boshqaning yukini ko‘tarmas. Har bir insonga o‘z qilganidan boshqa narsa yo‘q. Va albatta, uning sa’y-harakati tezda ko‘rinur. So‘ngra jazo mukofoti unga to‘liq berilur» («Najm» surasi, 38-41-oyatlar).

Ushbu e’lon insonga o‘z tabiatiga va tabiiy imkoniyatlariga nisbatan yo‘qolgan ishochni qayta tikladi. U o‘ziga Islom tomonidan berilgan kuchli aziymat, ziyoda himmat va yangicha quvvat ila o‘z kelajagini va insoniyat kelajagini barpo qilishga kirishdi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ma’siyatlar, gunohlar, xatolar va adashuvlar inson hayotida o‘tkinchi narsalar ekanligini, inson ularni bilmasdan, g‘ururga ketib, tushunmasdan, shaytonning ig‘vosiga uchib, havoyi nafsning ko‘yiga tushib qolishini e’lon qildilar. U zot yaxshilik, gunohni e’tirof qilish, afsus-nadomat kabi xislatlar insonning javharida borligini va Allohga yolvorish, tazarru’ qilish va gunohdan butunlay qaytishga azmu qaror qilish insonning sharafi va Odam otadan qolgan meros ekanligini ham e’lon qildilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam gunoh va razolatga quloqlarigacha botgan xatokorlarga tavbaning eshigini keng ochib qo‘ydilar va unga odamlarni umumiy ravishda da’vat qildilar. U zot tavbaning fazlini yetarlicha sharh qilib berdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dinning bu ulug‘ asosini qayta tiriltirdilar va shuning uchun o‘zlarining go‘zal ismlari qatori «Nabiyyuttavba» – Tavba Payg‘ambari laqabini oldilar. Chunki u zot tavbaga zarur bo‘lib qolganda ishlatiladigan narsa deb emas, balki eng afzal ibodatlardan biri deb qaradilar. Inson tavba vositasi ila tez vaqtda qurbat va valiylikning oliy darajalariga erishadigan bo‘ldi. Bu darajaga Allohning obid, zohid, abror va axyor bandalari havas bilan qaraydigan bo‘ldilar.

Qur’on tavbaning fazlini va kengligini hamda insonning eng katta gunohlardan poklanish yo‘llarini qalblarni larzaga soladigan ajoyib bir uslubda bayon qilib bergan. U osiy va gunohkorlarni, havoi nafs va shayton qullarini Allohdan panoh so‘rash, U zotga qarab qochishga chaqirdi.

«Sen (Mening tarafimdan): «Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim! Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi G‘ofur va Rohiymdir», deb ayt» («Zumar» surasi, 53-oyat).

«Tavba» surasidan olingan kelasi oyatda Alloh taolo O‘zining solih bandalaridan bir necha toifasini zikr qiladi va ushbu ro‘yxatni tavba qiluvchilarni eslash bilan boshlaydi:

«(Ular) tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd aytuvchilar, ro‘za tutuvchilar, ruku’ qiluvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar, Allohning chegarasini saqlovchilar. Va mo‘minlarga bashorat ber!» («Tavba» surasi, 112-oyat).

O‘z gunohidan qaytib, tavba qilgan bandaga beriladigan bunday ulug‘ martaba Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga sahoba bo‘la turib, uzrsiz Tabuk g‘azotiga bormay qolgan uch kishining tavbasi qabul bo‘lganligi e’lon qilinganda yaqqol ko‘rindi. Qur’on ushbu muolajani mazkur g‘azotdan qolmagan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, muhojirlar va ansoriylarni zikr qilishdan boshladi. Shundan keyingina haligi uch kishini zikr qildi. Bu o‘sha g‘azotdan uzrsiz qolganlar o‘zlarini noqulay sezmasliklari uchun qilgan edi. Dunyo tarixida, dinlar tarixida, falsafalar va tuzumlar tarixida bundan go‘zalroq tavba qabul qilish bormi o‘zi?

«Batahqiq, Alloh Nabiyning va unga qiyinchilik soatida ergashgan muhojir va ansorlarning tavbasini qabul qildi. Ulardan ba’zilarining qalblari toyib ketay degandan so‘ng tavbalarini qabul qildi. Albatta, U Zot ularga marhamatli va mehribondir.

Ortda qoldirilgan uch kishining ham. Nihoyat, ularga keng yer tor bo‘lib, yuraklari siqilib, Allohdan Uning O‘zidan boshqa boshpana yo‘qligiga to‘la ishonganlarida butunlay qaytishlari uchun (Alloh) tavbalarini qabul qildi. Albatta, Alloh O‘zi Tavvob va Rohiymdir» («Tavba» surasi, 117-118-oyatlar).

So‘ngra Qur’on asosiy qoida sifatida Allohning rahmati kengligini va U zotning rahmati g‘azabidan oldin ekanligini e’lon qildi.

«Rahmatim esa hamma narsadan kengdir» («A’rof» surasi, 156-oyat).

Hadisi qudsiylardan birida:

«Albatta, Mening rahmatim g‘azabimdan o‘zib ketgandir», deyilgan.

Alloh Qur’onda Ya’qub alayhissalom tillaridan:

«Haqiqatan, faqat kofir qavmlargina Allohning rahmatidan noumid bo‘lurlar», degan («Yusuf» surasi, 87-oyat).

Boshqa bir joyda Ibrohim alayhissalomning gaplari zikr qilinadi:

«Faqat adashganlargina Robbining rahmatidan noumid bo‘lurlar» («Hijr» surasi, 56-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushbu tavbaga ommaviy ochiq da’vat ila, uning fazlini, kengligini va shomilligini bayon qilish ila holi tang bo‘lib qolgan insoniyatni umidsizlik, shumlanish dardidan qutqarib qoldilar.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!