22 mart – Butunjahon suv kuni

22 mart – Butunjahon suv kuni

Suv bu hayot, uni asraylik!

Tahlilchilarning fikricha, sayyoramizda istiqomat qilayotgan to‘rt milliarddan ortiq kishi bir oyda bir marta bo‘lsa-da ichimlik suvi muammosi bilan to‘qnash keladi.
Bu yer yuzi aholisining yarmidan ko‘pini anglatadi. (Ayni damda sayyoramiz aholisi 7,5 milliarddan oshib ketgan). Bir yarim milliard aholi esa yil davomida suv tanqisligidan aziyat chekadi. E’lon qilingan tadqiqot natijalari aholini suv bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammoga yangicha ko‘z bilan qarashni taqozo qiladi. Tadqiqotchilar Mesfin Mekonnen va Aryen Xoyekstr yer sharining turli mintaqalarida aholini suv bilan ta’minlash borasidagi vaziyatni o‘rganib chiqishgan. Ularning xulosasiga ko‘ra, yer yuzi aholisini chuchuk suv bilan ta’minlash muammosiga jiddiy qarash kerak.
So‘nggi tadqiqotlar avvalgi qarashlarni butunlay o‘zgartirib yubordi. Ma’lumki, avvallari yer yuzida 1 milliard 700 milliondan 3 milliard 100 milliongacha bo‘lgan odamlar suv muammosi bilan to‘qnash kelayotgani aytib kelinardi. Tahlilchilar endilikda insoniyat chuchuk suvning ekotizimdagi muhim rolini esdan chiqarish kerak emasligini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, tadqiqotlarda yer yuzidagi chuchuk suv taqsimoti adolatsiz ekani aytiladi. Sayyoramiz aholisining 70 foizi yashaydigan Yevropa va Osiyo hissasiga daryo suvlarining 39 foizi to‘g‘ri keladi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yillardan boshlab 1,2 milliard aholi muntazam ravishda chuchuk suv muammosi kuzatiladigan mintaqalarda istiqomat qilib keladi.
Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, XXI asrning uchinchi o‘n yilligi o‘rtalariga borib, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo yanada globallashadi. Bu o‘z navbatida jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jahon bozorida suv mahsulotlariga talab ortib boraveradi.
Shu o‘rinda suv qadimdan insoniyatning asosiy muammosi bo‘lib kelganini eslatib o‘tish kerak. Aynan suv turli mojaro va ijtimoiy fojialarga sabab bo‘lgan, qurolli to‘qnashuvlar sababchisiga aylangan. Suv inqirozi butun boshli sivilizasiyalarning yo‘q bo‘lib ketishiga, davlatlar o‘rtasida urush kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Er yuzidagi chuchuk suvning 10 foizi xonadonlarda iste’mol uchun, kir yuvishda, chiqindilarni tozalashda ishlatiladi. Qolgan qismidan esa qishloq xo‘jaligi va sanoatda foydalaniladi. Biroq aholi sonining oshib borayotgani bois iste’mol suvlari miqdori ham oshib bormoqda. Kirlarni avtomat mashinalarda yuvish xam ortib borar ekan, bu chuchuk suvdan foydalanish ehtiyojining ortishiga olib keldi. Kirlarni qo‘lda yuvgandan ko‘ra, mashinada yuvishda ikki barobar ko‘p suv ishlatilar ekan.
Suv yer yuzidagi barcha jonzot, hayvonot va o‘simliklarning mavjudligi uchun asosiy resursdir. Bugungi kunda chuchuk suvlarning ifloslanib borayotgani ham asosiy muammolardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Suv sifatining buzilishi esa turli kasalliklarni keltirib chiqarishi ham hech kimga sir emas.
Mutaxassislarning fikricha, toza ichimlik suv zaxiralari cheksiz emas. 2025 yilga borib yer yuzidagi davlatlarning yarmidan ko‘pi suv yetishmovchiligini seza boshlaydi. XXI asr o‘rtalarida esa sayyoramiz aholisining to‘rtdan uch qismi ichimlik suvi yetishmovchiligi bilan to‘qnash keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilda sayyoramiz aholisining 47 foizi suv taqchilligi bilan bog‘liq tahdidlar bilan ro‘baro‘ keladi.
Suv tanqisligiga birinchi bo‘lib Afrika, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari duch keladi. Iqlim o‘zgarishlari tufayli birgina Afrikada 2020 yilda 75 milliondan 250 milliongacha odam suv muammosi asiriga aylanadi. Sahro va cho‘l mintaqalarida suv tanqisligi sabab 700 millionga yaqin aholi kindik qoni to‘kilgan maskanlaridan bosh olib ketishga majbur bo‘lishi mumkin.
Suv tanqisligi iqtisodiy taraqqiy etgan AQShda ham kuzatilmoqda. Ayni damda 80ta mamlakat bu muammo bilan to‘qnash kelgan. Bu muammo kun sayin dolzarb tus olmoqda. Birgina Xitoyda 300dan ortiq shahar suv muammosini boshdan kechirmoqda.
Rivojlanish yo‘lidagi mamlakatlarda kuzatilayotgan kasalliklarning 80 foiziga suv yetishmovchiligi sabab bo‘layotir. Bu kasalliklar oqibatida har yili 3 millionga yaqin kishi vafot etadi. Birgina ich ketishidan bir kunda 5 mingga yaqin bola bu yorug‘ dunyo bilan xayrlashmoqda. Bu har soniyada bir bolaning vafot etayotganini anglatadi. Agar suv ta’minoti yaxshilanadigan bo‘lsa, kasalliklarning 10 foizini davolash mumkin, deyiladi tadqiqotlarda.
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!