O‘zi sezmagan bir amali bilan yollanma qotilni taslim qilgan shoh

O‘zi sezmagan bir amali bilan yollanma qotilni taslim qilgan shoh

Zahiriddin Muhammad Bobur — u ko‘pchilikka davlat arbobi, shoir, adib hamda tarixchi sifatida ma’lum bo‘lganligi uchun ilmiy tadqiqotlarda asosan ushbu jihatlariga e’tibor qaratiladi.

Bobur shaxsiyatida ko‘zga tashlanadigan jihatlardan biri — o‘ta sinchkovlik va ziyraklikdir. “Boburnoma”da 1560 dan ortiq shaxs nomi tilga olinadi va ko‘plab tarixiy shaxslarning mukammal tavsifi keltiriladi. Bu tavsif tilga olingan har bir shaxsning ijtimoiy kelib chiqishi, ota-onasi, farzandlari,ijtimoiy-siyosiy mavqei, fe’l-atvori, yuz tuzilishi, hattoki, kiyinishigacha bo‘lgan jihatlarni o‘z ichiga oladi.

Bu esa tarixiy shaxslarni to‘liq, butun bo‘y-basti bilan tasavvur qilish imkonini beradi. Misol tariqasida, temuriylar sulolasi vakili Husayn Boyqoroga oid ma’lumotlarni keltirish mumkin.

“U qiyiq ko‘zli sherkelbat kishi edi. Ulug‘ yoshga yetib soch-soqoli oqargan bo‘lsa-da, xushrang, qizil-yashil ipak matolardan kiyim kiyardi. Mafosil (revmatizm) hastaligiga chalingandi. Shijoatli mard kishi edi, qilich chopishda juda usta, Temurbek naslidan hech kim Husayn mirzochalik qilich chopgan emas.Husayn mirzo kichikligida qo‘chqor, kabutar saqlagan, xo‘roz urushtirar edi. U adolatli edi. Bir marotaba o‘g‘li bir kishining o‘g‘lini o‘ldirib qo‘yganda, o‘z farzandini qozixonaga yuborgan”.

Zahiriddin Muhammad Bobur otasi Umarshayx mirzoni quyidagicha ta’riflaydi: “past bo‘yli, yumaloq soqolli, sarg‘ish yuzli norg‘il kishi edi. To‘nni juda tor kiyardi. Adolati shu darajada ediki, Andijonning sharqiy tarafidagi tog‘larning pastida Xitoydan kelayotgan ming qoramollik karvonni shunday qor bosdiki, ikki kishi qutulib qoldi, xolos. Xabar topib odamlarni yuborib karvonning hamma narsalarini yig‘dirdi. O‘sha paytda vorislari bo‘lganidan, ehtiyot yuzasidan saqlab, bir-ikki yildan so‘ng Samarqand va Xurosondan vorislarini surishtirib, toptirib keltirdi va mollarini eson-omon topshirdi”.

Zahiriddin Muhammad Bobur mohir suzuvchi bo‘lgani ham yaxshi ma’lum. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u Turkistondagi deyarli barcha daryolardan suzib o‘tgan va bu uning harbiy yurishlarida ham qo‘l kelgan. Afsonalarga ko‘ra, Boburning dushmanlari uni o‘ldirish uchun bir hindni yollaydilar. Yollangan qotil Boburning Hind daryosi bo‘yiga sayrga chiqishini poylab, uning ketidan tushadi. Shu paytda nogahon olti yoshli hind bolakayi daryoga tushib ketadi va Bobur hech o‘ylab o‘tirmasdan o‘zini daryoga tashlaydi hamda bolani qutqarib oladi. Bu voqeaga guvoh bo‘lgan haligi hind Boburni oldiga kelib taslim bo‘ladi.

U har qanday qiyin vaziyatdan chiqib ketish, bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlik ham xos edi.Bu xislati uning davlatni boshqarish, diplomatik munosabatlar o‘rnatish, harbiy yurishlarda g‘alaba qozonish kabi faoliyatida namoyon bo‘ladi. Xususan,Dehli hukmdori Ibrohim Lo‘diyga qarshi olib borgan Panipat jangini bunga misol qilib keltirish mumkin. Bu jang 1526 yil 21 aprelda bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ibrohim Lo‘diyning 100 mingga yaqin askari va mingga yaqin jangari fillari mavjud edi. Boburda esa 12 ming askar bo‘lgan. Shunda Bobur yangicha – to‘lg‘ama usulini qo‘llaydi, ya’ni dushman safining ikki yonidan tartibsiz hujum qilib, shoshirib qo‘yadi va dushmanning orqa tomoniga o‘tib oladi. Jangda Bobur g‘alaba qozonadi. Shundan so‘ng shimoliy Hindiston, Dehli va Agra shaharlari qo‘lga kiritiladi.

Xulosa qilib aytganda, Zahiriddin MuhammadBobur o‘z faoliyati davomida mukammal, komil inson bo‘lishga harakat qildi va davr, zamonlar o‘zgarsa-da, hech qachon eskirmaydigan, insoniylikka xos bo‘lgan shaxsiy xislatlar egasi sifatida ham hozirgi kungacha yashab kelmoqda.

Nargiza Xidirova,

tarix fanlari nomzodi

FA Tarix instituti katta ilmiy xodimi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!