O‘zbek siyosatshunos olimi xalqaro miqyosda tan olindi

O‘zbek siyosatshunos olimi xalqaro miqyosda tan olindi

Siyosatshunoslik fanining Markaziy Osiyodagi yetuk vakili, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi siyosiy fanlar bo‘yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash raisi, O‘zbekiston hamda xorijda bir qator monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalar muallifi bo‘lishi bilan birga Buyuk Britaniya, Hindiston, Kanada, Ukraina, Rossiya kabi mamlakatlarda 300 dan ortiq chop etilgan ilmiy maqolalari bilan xalqaro ilmiy jamoatchilikka tanilgan siyosiy fanlar doktori, professor Shukritdin Paxrutdinovning yana bir ilmiy-taqiqoti xalqaro miqyosda tan olindi.

Professor SH.Paxrutdinovning hozirgi murakkab, tahlikali va ziddiyatli hodisa-jarayonlar nazariy tahliliga bag‘ishlangan “Taraqqiyotga tahdid: nazariya va amaliyot” nomli monografiyasi Daniya, Germaniya, Italiya, Latviya, Portugaliya, Fransiya, Yaponiya va AQSh davlatlarining davlat nashriyotlari tomonidan xalqaro maydonda katta qiziqish va ehtiyoj bilan ingliz tilida 8 ta tilda chop etildi.

Ushbu monografiyada dunyoviy taraqqiyotga xavf-xatar va tahdidlarning yuzaga kelishi omillari, jamiyat hayotiga salbiy ta’siri, bartaraf etish yo‘l-yo‘riqlari hamda “Tahdidbardosh jamiyat”ni barpo etishda jahon va O‘zbekiston tajribasi yoritilgani sababli, bugun turli ilmiy hamjamiyatlar tomonidan yuksak e’tirof etib kelinmoqda.

Siyosatshunos olimning mazkur monografiyasida “Tahdidbardosh jamiyat” tushunchasining ilmiy tavsifini birinchi marotaba yoritganligi sababli, halqaro miqyosda uning muallifi sifatida tan olindi va tasdiqlandi.

Eng ahamiyatlisi, SH.I. Paxrutdinovning mazkur “Tahdidbardosh jamiyat”ni belgilovchi ilmiy tushunchalar to‘plami (jamlanmasi) Rossiya Federasiyasi intellektual mulk bo‘yicha federal xizmati “Ma’lumotlar bazasining davlat ro‘yxati”ga kiritildi.

Mazkur ma’lumotlar bazasida “Tahdidbardosh jamiyatni” to‘liq tavsiflash imkonini beruvchi so‘zlar, fikrlar mavjud bo‘lib, unda keltirilgan ilmiy tushunchalar milliy va xalqaro siyosatshunoslik fani kesimida birinchi marta ta’riflanganligi belgilanib, unda keltirilgan boshqa iboralar siyosatshunoslik, sosiologiya va davlat boshqaruvi sohasidagi zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqilganligi qayd etilgan.

Siyosiy fanlar doktori SH.Paxrutdinovning ushbu ma’lumotlar bazasi asosida qurilgan konseptual apparati hozirgi zamonaviy dunyoda sodir bo‘layotgan jarayonlarni ob’ektiv baholash va ilmiy siyosiy tahlil qilish imkonini beradi. “Tahdidbardosh jamiyat” konseptual apparatinnig qo‘llanish sohalari (maydoni): siyosatshunoslik, ijtimoiy falsafa, sosial psixologiya, sosiologiya fanlari hisoblanadi.

O‘zbek olimining ushbu “Tahdidbardosh jamiyat”ni belgilovchi tushunchalar to‘plami (jamlanmasi) Rossiya Federasiyasi intellektual mulk bo‘yicha federal xizmati “Ma’lumotlar bazasining davlat ro‘yxati” kiritilganligi nafaqat milliy siyosatshunoslik fanini yaratish va ravnaqiga hissa qo‘shish balki politologiyaning xalqaro miqyosda rivojlanishiga katta hissa qo‘shganligi bilan ahamiyatlidir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!