"Ular jinoyatchi emas..." yoki "15 sutka"da nima gap?

"Ular jinoyatchi emas..." yoki "15 sutka"da nima gap?

Ba’zan kimningdir ma’muriy huquqbuzarligi tufayli qamalgani haqida eshitib qolamiz. Ochig‘i, Toshkentdagi ma’muriy qamoq jazosi o‘taladigan muassasadagi muhit yuzasidan turli salbiy fikrlar bot-bot quloqqa chalinadi. Mish-mish gap­lar qanchalik haqiqat-u, u yerdagi asl sharoit qanday?

Bu masalaga oydinlik kiritish uchun IIV Axborot xizmati rahbari, polkovnik Shoxruh Giyasov boshchiligida bir guruh OAV xodimlari va blogerlar Toshkent shahar IIBBga qarashli Maxsus qabulxonada, ya’ni xalq orasida «Panelniy» deb ataluvchi joyda bo‘lishdi. Muassasa boshlig‘i, mayor Alisher Hoshimov bu maskanning shart-sharoitlariyu tartib-qoidalari bilan tanishtirib, jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga javob berdi.

– Asosan Toshkent shahri fuqarolari orasida ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar shu joyda saqlanadi. Bino 3 qavatdan iborat. Unda 32 ta kamera bor,
150 kishiga mo‘ljallangan. Kameralarning holatini esa o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingiz ma’qul, – deya yo‘l boshladi.

Ichkariga kirib boravergan sari tasavvurimiz o‘zgara boshladi. Bino yo‘laklaridan tortib kameralargacha top-toza, saranjom-sarishta. Har bir xonada shaxsiy gigiyenaga xalal bermaydigan kuzatuv kameralari ishlab turibdi. Har qavatda yuvinish xonasi bor. Hatto kir yuvish mashinasigacha o‘rnatilgan.

– Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar istalgan vaqtda kiyim-kechaklarini yuvishlari mumkin. Ularni barcha yuvinish hamda kir yuvish vositalari bilan ta’minlaymiz, – dedi Alisher aka.

Tibbiyot xonasi ham ishlab turibdi. O‘ttiz o‘ringa mo‘ljallangan oshxona kichkina bo‘lishiga qaramay, yorug‘, toza-ozoda. Alisher akaning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda ovqat tayyorlanmaydi, shartnoma asosida tashqaridan keltiriladi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar kuniga uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, ularga oila a’zolari ham turli yeguliklar olib keltirishi mumkin. Buning uchun ariza bilan murojaat etishlari lozim bo‘ladi. Uyidan keltirilgan barcha mahsulotlar ularning o‘zida saqlanadi.

Muassasa hovlisida sport maydonchasi bor, sayrga chiqqan payti bu yerda sport bilan shug‘ullanishlari mumkin. Uyiga – oila a’zolari yoki yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib gaplashishlari uchun mo‘ljallangan maxsus xonalar va u yerdagi sharoitlar ham talab darajasida.

Mayor A. Hoshimovdan bu yerdagi fuqarolar asosan qaysi huquqbuzarlik­lari uchun ma’muriy qamoqqa olingani haqida so‘radik.

– Oralarida yo‘l harakati qoidalarini buzganlar, aliment to‘lamaganlar bor. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga sud tomonidan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangachgina, u shaxsini tasdiqlovchi hujjat va sud qarori bilan shu yerga olib kelinadi. Muassasamizda shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘qlar saqlanmaydi.

– Bu joyda ayollar ham bor ekan... 

– Afsuski, ichkilikbozlik, oilaviy janjallar tufayli ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan ayollar ham uchrab turadi.

– Qayta-qayta tushganlari ham bormi?

– Ora-sira kuzatiladi.

– Ular majburiy mehnatga jalb qilinadimi?

– Aslo, o‘zi istamasa, mehnatga jalb qilinmaydi. Lekin aksariyati sud tomonidan belgilangan jarimani to‘lashi uchun ishlash istagida ekanini bildirishadi. Ayrim korxonalar shartnoma asosida ularni ish bilan ta’minlashadi. Ba’zan, xohishiga ko‘ra, obodonlashtirish ishlariga ham jalb etiladi.

– Qochib ketish holatlari bo‘lganmi?

– Bo‘lmagan. Chunki ular doim nazoratda ekanini yaxshi bilishadi. Tashqariga chiqishdan avval yana tushuntirish ishlari olib boriladi. Tushlik vaqtida esa muassasaga qaytarib olib kelinadi va yana qaytib ishga chiqadi.

Shundan so‘ng jurnalistlar maxsus qabulxona hovlisida sayrga chiqqan, jazoni o‘tayotgan fuqarolardan xodimlarning munosabati va bu yerdagi sharoitlar haqida so‘raganida, hech qanday qiynoq yoki tazyiqlar qilinmasligini ta’kidlashdi. Ularning so‘zlarida muassasadagi sharoitlar hamda xodimlarning muomalasidan norozilik sira ham sezilmadi. Ayrimlari o‘z muammolari yuzasidan maslahat so‘rashganida, jurnalistlar ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi, jumladan, davlat tomonidan bepul advokat olish huquqiga ega ekanliklari tushuntirildi.

– Ular jinoyatchi emas, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan, xolos. Imkon darajasida profilaktika ishlari olib boriladi. Jazoni o‘tab ketayotganlar orasida «rahmat» aytadiganlari ham bo‘ladi.

Toshkent shahar IIBBga qarashli Maxsus qabulxona eshigidan chiqib borar ekanmiz, ko‘nglimizdan... «Bu yerda kimdir o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarsa, fe’lidagi yomon illatlarni tark etib, yaxshi xislatlar sari yuz bursa, bir ma’muriy huquqbuzarlik ortida jinoyat palak otishi, bir inson sha’niga «jinoyatchi» degan tamg‘a bosilishining oldi olingan bo‘ladi», degan o‘ylar o‘tdi.

Adolat FAYZIYEVA,

«Postda» muxbiri.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!