Tush ta’biri yoxud insonlar xurofotga aylantirgan ilm

Tush ta’biri yoxud insonlar xurofotga aylantirgan ilm

Ibn Sirin rohimahulloh masjidda o‘tirganida bir kishi kelib dedi:

-  Tushimda azon aytayotgan emishman.

Ibn Sirin dedi:

-  Sen bu yil haj qilasan!

So‘ngra oz vaqt o‘tib yana bir kishi kelib, dedi:

-  Tushimda azon aytayotgan emishman.

Ibn Sirin unga:

-  Sen o‘g‘irlik qilib qamalasan, dedi.

Shogirdlari uning bir xil tushni ikki xil ta’bir qilganidan taajjublanishdi.  

Ibn Sirin ularga dedi:

“Birinchi insonda solihlik alomatlarini ko‘rdim. Uning tushining ta’birini Alloh taoloning: “Odamlarni hajga chaqir!”, degan oyatidan oldim.

Ikkinchisida esa fojirlik alomatlarini ko‘rdim. Uning tushini ta’birini Alloh taoloning: “So‘ngra jarchi: “Ey karvondagilar! Sizlar o‘g‘ridirsizlar”, deya jar soldi”, degan oyatidan oldim.

Tushlarni ta’bir qilish ilmi juda mashaqqatli ilmdir. U noziklikda fizika va kimyodan qolishmaydi. Agar u bu qadar nozik bo‘lmaganida Alloh taolo uni payg‘ambarlaridan biriga mo‘’jiza qilib bermagan bo‘lar edi. Alloh taolo Yusuf alayhis salom haqlarida shunday deydi:

“Mana shunday qilib unga (Yusufga) tushlar ta’birini o‘rgatishimiz uchun Yusufni unda(Misrda) joylashtirib qo‘ydik”.

Mening fikrimcha, ta’bir qilishda ilmdan ozgina bo‘lsa, ilhomdan ko‘proq ulush bor. Ta’birchi Qur’onning hukmlarini, hadisni, lug‘atni, masallarni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lish kerak. So‘ngra ilhom uni ushbu ilmlarni tushga bog‘lashga o‘rgatadi. Bu ilmlarga molik bo‘lish kishini ta’birchi qilib qo‘ymaydi. Ilhom bu o‘rganish mumkin bo‘lmagan narsa bo‘lgani uchun ilmdan gapirayapmiz.

Tush ta’birining o‘z asoslari bor.

Birinchi:

Tushning ta’biri barchada turlicha bo‘ladi. Yuqorida misol keltirganimiz bunga yaqqol misol bo‘ladi. Shuning uchun tushingiz ta’birini ibn Sirinning kitobidan qidirib yurmang. Ibn Sirin kitob yozmagan. Uning tush ta’birlari kitobini undan keyin shogirdlari yozishgan. U kitobda ko‘p narsa ziyoda qilingan. Ibn Sirin rohimahulloh Umar roziyollohu anhuning xalifaliklari oxirida tavallud topgan. Ya’ni Qur’on jamlanishidan, hadis yozilishidan  oldin tug‘ilgan. Tobe’inlar qur’on jamlanmasdan turib tush ta’biri haqida kitob yozishlari mumkin emas edi.  U kitob ta’bir joiz bo‘lsa tush ta’birini o‘rganishda asos vazifasini o‘taydi. Uni hammaga qo‘llab bo‘lmaydi.

Ikkinchi: 

Tush ta’biri fasl almashishi bilan o‘zgaradi. Bir kishi tushida olovni ko‘radi. U tushini ibn Siringa aytib beradi. Ibn Sirin unga: “Bor, olovni ko‘rgan joyingni kovla!”, deydi. U o‘sha joyni kovlab xazina topib oladi. Ancha kunlardan keyin yana olovni tush ko‘radi. U yana xazina ilinjida olovni ko‘rgan joyini kovlaydi. U yerdan bir jasad chiqadi. Uni jinoyatchi deb o‘ylab tutib qoziga olib kelishadi. U ibn Sirinni ko‘rishni istayotganini aytadi. Ibn Sirin kelganida bo‘lgan voqeani unga aytib beradi. Shunda ibn Sirin unga shunday deydi:

“Sen mening huzurimga birinchi marta kelganingda qish fasli edi. Qishda olov foydali bo‘ladi. Uni inson qidirib yuradi. Unga yaqin o‘tirishga harakat qiladi.  Shuning uchun men senga “kovla”, degan edim. Ikkinchi marta ko‘rganingda esa biz yoz faslida edik. Yozda olovdan qochiladi. Sen kelib kovlab bu jasadni topgansan!”.

Uchinchi:

Ismlar bilan ta’bir qilish ham bor. Uyquda “Faraj (kengchilik)”, “Suhayl (engillik)” va “Yosir" (oson) kabi ismlar bergan ta’birni “Sa’b" (qiyin),“Shadid" (mashaqqatli) kabi ismlar bera olmaydi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam aytadilar:

“Bir kechasi tush ko‘rdim. Tushimda Uqba ibn Rofi’ning hovlisida ekanmiz. Bizga juda yoqimli xurmo berildi. Buni men dunyo va oxiratda oliy bo‘lishimizga va dinimiz shirin va yoqimli bo‘lishiga ta’bir qildim!”.

To‘rtinchi:

Mashhur maqollarga qarab ta’bir qilish ham bor. Bir kishi zargarni tush ko‘rsa bu gohida yolg‘onga dalolat qiladi. Chunki arablar yolg‘onchi haqida: فلان يصوغ الأحاديث   “Falonchi gaplar to‘qiydi”, deyishadi. 

Mashhur kinoyalarga qarab ta’bir qilish ham bor. Arablar masalan saxiy insonni “qo‘li uzun”, deb kinoya qilishadi. Shuning uchun Nabiy alayhissalom xotinlariga: “Sizning eng qo‘li uzuningiz mening orqamdan birinchi boradi”, deganlar. U zotdan so‘ng birin bo‘lib Zaynab bint Jahsh onamiz birinchi vafot qilganlar. Chunki u kishi eng saxiy bo‘lganlar. Ana shundan kelib chiqib tushda qo‘lning uzunligi saxovatga dalolat qiladi.

Beshinchi:

Arab tili bilan ta’bir qil

ish ham bor. Bir a’robiy Nabiy sallollohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib dedi:

-  Tushimda boshim kesilgan emish. U mening yonimda turibdi.

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga kulib turib dedilar:

-  Unga qaysi ko‘zing bilan qarab turgan eding?!

Shu voqeadan sal o‘tib Rasululloh sallollohu alayhi va sallam vafot etdilar. Abu Bakr roziyollohu anhu anhu bildilarki, bu tush Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning muhlatlari tugaganiga ishora ekan. Uning tushiga Rasululloh sallollohu alayhi va sallam kulgan edilar. Chunki uni xushxabar hisoblagan edilar. Bosh arablar nazdida qavmning boshlig‘ini ifoda qiladi.

Bu mavzuda gap ko‘p. Narsalarning tabiatiga qarab ta’bir qilish ham bor. Insonlar orasida ma’ruf bo‘lgan narsalarga qarab ta’bir qilish bor.  Ammo gapning po‘stkallasi shuki, tush ta’birini bilmagan kishi unga kirishmasligi lozim. Tush ko‘rgan kishi ham tushini har ko‘rgan kishisidan so‘rayvermasligi kerak. Yuqorida ishning o‘z egalari borligini aytdik. Ularning o‘z sifatlari borki, ular ko‘p insonlarda topilmaydi!

Abdulqodir Samarqandiy

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!