Tovush kuchi yoxud allaqachon Qur’oni Karimda qayd etilgan fakt

Tovush kuchi yoxud allaqachon Qur’oni Karimda qayd etilgan fakt

Tovushda quvvat, energiya bormi? Undan narsalarni tashishda foydalansa bo‘ladimi?

Britaniyaning Sasseks va Bristol universitetlarida tovushning narsalarni ko‘tarish va harakatlantirish kuchiga bag‘ishlangan tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqotchilar 64 kilogers (bir soniyada 64 ming marta tebranish) quvvatiga ega bo‘lgan tovush tebranishlarini hosil qildilar. Bu tovush to‘lqinlari kichik jismga ta’sir etib, uni qisqa masofaga harakatlantirdi.

Tovush kuchini o‘rganish uchun tayyorlangan qurilma bo‘lib, kuchli tovush hosil qilib, kichik koptokchaga yo‘naltirilganda, koptokcha tepaga ko‘tarilib, havoda muallaq turgan.

Tadqiqotchilar ushbu tadqiqot ilmiy farazning voqelikka ko‘chishining bir ko‘rinishi deb ta’kidlashdi.

Bizning e’tiborimizni tortgan narsa bu tovush tebranishlarining jismlarni ko‘tarishga yoki ma’lum masofalarga ko‘chirishga kuch-quvvati borligidir. Oldin bu ishni biror kishi xayoliga ham keltirmagan, tovush to‘lqinlarida narsalarga ta’sir etadigan kuch borligini birorta odam bilmagan. Lekin Qur’oni Karim ko‘plab oyatlarda bunga ishora qilgan.

Qur’oni Karim Qur’onning ovozi tog‘lar, yer va boshqa narsalarga ta’sir etishi haqida oldindan xabar bergan. Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:

«Agar ushbu Qur’onni toqqa nozil qilganimizda, uning Allohdan qo‘rqqanidan titrab-qaqshab, parchalanib ketganini ko‘rar eding. Ushbu misollarni odamlarga keltirurmiz, shoyadki, fikr yuritsalar». (Hashr surasi, 21-oyat).

Oyatdagi «ushbu Qur’onni» jumlasiga e’tibor beraylik! Ya’ni, biz tinglab, o‘qiydigan Qur’onimiz haqida gap boryapti, tog‘lar tushunadigan boshqa kitob haqida emas.

Ushbu Qur’oni Karim o‘zining oyatlari, suralari, harflari va so‘zlari bilan shunday quvvatga egaki, bu quvvat tog‘larga ta’sir etib, ularni parchalab tashlay oladi. Shuning uchun Robbimiz yana bir oyatda bunday deb marhamat qilgan:

«Agar Qur’on ila tog‘lar jildiriladigan, yer parchalanadigan yoki o‘liklar tilga kiritiladigan bo‘lganida, (ushbu Qur’on bo‘lar edi). Ammo ishning barchasi Allohga xosdir» (Ra’d surasi, 31-oyat)

Ya’ni, agar u bilan tog‘larni harakatga keltirish, yerni parchalash, zilzilalar, teshiklar, yoriqlar, jarliklarni yuzaga keltirish va u bilan o‘liklarga gapirish imkoni bo‘ladigan kitob bo‘lsa, o‘sha kitob qo‘limizdagi Qur’oni Karim bo‘lardi.

Mening e’tiqod qilishimcha, Alloh taolo O‘zining ulug‘ Kitobida harflar va so‘zlar uchun murakkab nizomni joriy qilib qo‘ygan. Agar U Zot bandalaridan biror kishiga o‘sha nizomni kashf etishni nasib etsa, mazkur banda Qur’oni Karimning muayyan oyatlaridan foydalanib, yer silkinishi, ya’ni zilzilani yuzaga keltira oladi.

Barcha ilmiy tadqiqotlar shuni ta’kidlaydiki, ba’zi tovush to‘lqinlarida o‘zgarishlarni yuzaga keltirish, jismlarga ta’sir qilish imkoni bor. Masalan, olimlar bugungi kunda tovush tebranishlaridan foydalanib saraton kasalligini muolaja qilyaptilar. Tovushdan foydalanib suv muzlatilyapti, tovush orqali butun bir shahar vayron bo‘lyapti.

Abduddoim Kahel maqolasidan Nozimjon Hoshimjon tarjimasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!