Taomingizni pashshadan qutqarolmaysiz

Taomingizni pashshadan qutqarolmaysiz

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ ضُرِبَ مَثَلٌ فَاسْتَمِعُوا لَهُ إِنَّ الَّذِينَ تَدْعُونَ مِن دُونِ اللَّهِ لَن يَخْلُقُوا ذُبَاباً وَلَوِ اجْتَمَعُوا لَهُ وَإِن يَسْلُبْهُمُ الذُّبَابُ شَيْئاً لَّا يَسْتَنقِذُوهُ مِنْهُ ضَعُفَ الطَّالِبُ وَالْمَطْلُوبُ

“Ey odamlar! Bir masal aytilmish, bas, unga quloq soling! Albatta, sizlar Allohni qo‘yib, topinayotgan narsalaringiz, agar barchalari birlashsalar ham, bitta pashsha yarata olmaslar. Va agar pashsha ulardan biron narsani tortib olsa, undan o‘shani qutqarib ololmaslar. Talab qiluvchi ham, talab qilingan ham ojiz bo‘ldi”. (Boshqa katta jonzotlarni qo‘ysinlar-u, eng kichik, eng haqir, eng ahamiyatsiz ko‘ringan pashshani yaratishga urinib ko‘rsinlar. Yarata olmaslar. Xo‘sh, endi bir dona pashshani yarata olmagan butga qanday qilib topinish, sig‘inish, aytganini (agar aytolsa,) qilish mumkin? Aslo mumkin emas. Umuman aqlga, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Pashsha juda zaif, haqir jon. Ammo, u sabab bo‘lib ba’zi bir kasalliklarni tashib keltirsa, hammasi to‘planib, harakat qilsa ham, o‘sha kasallikdan zarar ko‘rayotganni yoki o‘layotganni qutqarib qololmaydilar. Buni hamma hayotda ko‘rgan. «Talab qiluvchi ham, talab qilingan ham ojiz bo‘ldi». Ya’ni, Allohdan o‘zganing ibodatini talab qiluvchi ham, ibodati talab qilingan narsalar ham ojizdirlar. Biron narsa qo‘llaridan kelmas.) (Haj surasi, 73-oyat).

Va agar pashsha ulardan biron narsani tortib olsa, undan o‘shani qutqarib ololmaslar” 

Oyatning ushbu qismi borasida bir necha ilmiy tadqiqotlar xulosalari taqdim etildi. Xo‘sh, pashsha insondan nimalarni tortib oladi? Inson undan nimalarni qaytarib ololmaydi?

Ma’lumki, pashsha old-orqa, tepa-past tomonlarga harakatlanadigan, parvoz asnosida turli tezkor harakatlar (manyovrlar)ni amalga oshira oladigan hasharotdir. U o‘zining tezkorligi, xavf-xatardan chaqqonlik bilan qocha olishi sababli inson tanovul qilayotgan taomdan nimadir olib ketsa, inson uni tuta olmaydi. Ko‘pchiligimiz pashshani osonlikcha tutish, o‘ldirish qiyinligiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz.

Ikkinchi tomondan agar inson o‘sha pashshani tutib olgan taqdirda ham taomidan olib ketgan narsani pashshadan qaytarib olishga ojizlik qiladi. Chunki pashshaning murakkab hazm qiluvchi a’zosi bo‘lmagani uchun olmoqchi bo‘lgan taomiga idishda turgandayoq maxsus suyuqlik yuboradi. Suyuqlik uni eritib bo‘lgach, xartumi bilan so‘rib olib, to‘g‘ri qonga yuboradi. Shunday qilib pashsha idishdan olgan taomini tarkibi o‘zgargan, hazm bo‘lgan, suyultirilgan holida so‘rib oladi. Hech bir inson va hech qanday jihoz pashsha olgan taomni asl holicha idishga qaytarib ololmaydi.  

Uchinchi tarafdan bugungi ilmning isbot qilishicha, pashsha insonga bir necha kasalliklarni tashir ekan. Buning natijasida o‘sha insonning kasalligini, sog‘ligini tortib oladi. Ba’zan o‘sha insonning hayoti shu bilan yakunlanishi ham mumkin. Pashsha orqali insonga o‘tadigan kasalliklar: ich terlama, ichak sili, vabo, gelmintoz, ichburug‘ va boshqa kasalliklar.  

Demak, pashsha bizning taomimizdan ozgina yegulik olib ketsa, uni tutish qiyin bo‘lganidan olib ketgan narsasini qaytarib ololmaymiz. Pashshani tutib olsak ham taom butunlay hazm bo‘lgan, suyultirilgan, tarkibi o‘zgargan holda bo‘lgani uchun uni avvalgi asl holida qaytarib ololmaymiz. Chunki o‘sha ozgina taom allaqachon pashshaning qoniga so‘rilib ketgan bo‘ladi. Shuningdek, pashsha turli kasalliklar tarqatishi orqali bizning salomatligimizni ham “tortib olar” ekan.

Bundan o‘n to‘rt asrdan ko‘proq vaqt oldin nozil bo‘lgan Qur’oni Karimda juda nozik uslub bilan pashsha olgan taomini darhol eritib, hazm qilib yuborishga, uni pashshadan tortib olish va asliga qaytarish insonning qo‘lidan kelmasligiga, pashsha turli chaqqon harakatlar bilan uchadigan hasharot ekanligiga, shuningdek, pashsha turli kasalliklarni tashuvchi ekanligiga ishora qilingan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam hasharotlarga oid ilm bo‘yicha mutaxassis bo‘lmaganlar. U zot Qur’oni Karimni Jabroil alayhissalom orqali Alloh taoloning O‘zidan qabul qilib olganlar.

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!