Surxondaryoda 14,5 mlrd. so‘mlik subsidiya mablag‘lari noqonuniy ajratilganligi aniqlandi

Surxondaryoda 14,5 mlrd. so‘mlik subsidiya mablag‘lari noqonuniy ajratilganligi aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosi yuzasidan 2021 yilda Sho‘rchi tumanidagi klasterga qarashli 1376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish vazifasi mahalliy ta’minotchi korxona zimmasiga yuklatilgan.

O‘z navbatida ta’minotchi korxona 142,7 gektardagi paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan va unga ketgan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha Sho‘rchi tumani ishchi komissiyasi tomonidan xulosa tuzilib, Amu-Curxon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasiga taqdim etilgan.

Amu-surxon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslari esa amalda 142,7 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan bo‘lsada, unga yana qo‘shimcha ravishda 993 gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanib, ishga tushirilganligi haqida soxta hujjatlar tuzib, davlat byudjetidan klasterga
6 mlrd. 747 mln. 400 ming so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishgan.

Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Amu-Curxon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bunday holat Qumqo‘rg‘on tumanida ham aniqlanib, mahalliy klasterga qarashli 2000 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ko‘zda tutilgan va bu ham aynan yuqorida tilga olingan ta’minotchi korxonaga yuklatilgan.

Qumqo‘rg‘on tumani irrigasiya bo‘limi boshlig‘i va boshqa manfaatdor shaxslar o‘zaro til biriktirib, 2021 yilda 1143 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinmagan bo‘lsada, shuncha maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanib, ishga tushirilganligi haqida soxta xulosalar tuzish orqali klasterga 7 mlrd. 772 mln. 400 ming so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishgan.

Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Qumqo‘rg‘on tumani irrigasiya bo‘limi boshlig‘i va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!