Shavkat Mirziyoyev Rossiyalik vazirni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Rossiyalik vazirni qabul qildi

13 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatga amaliy tashrif buyurgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining Rossiya tomoni raisi o‘rinbosari, Rossiya Federasiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tdi.

Yuqori darajadagi muntazam aloqalar ikki tomonlama muloqotni misli ko‘rilmagan darajada kuchaytirishga turtki berdi. O‘tgan yil mobaynida yuqori darajada delegasiyalarning 80dan ziyod o‘zaro tashriflari amalga oshirildi. Sentyabr oyida hukumatlar rahbarlari raisligida Hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli o‘tdi. So‘nggi oylarda respublika hududlari Rossiya Federasiyasining 28 mintaqasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Yil boshidan buyon tovar aylanmasi 20 foizdan ziyodga oshdi. Talab qilinayotgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni oshirish, infratuzilmani rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Yaqin kunlarda ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk marotaba Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari rektorlari forumi bo‘lib o‘tadi. Ularning ishida mintaqalar, kompaniyalar va korxonalar rahbarlari va ikki mamlakat yetakchi oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda Rossiya Federasiyasi prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga rejalashtirilayotgan davlat tashrifining iqtisodiy kun tartibi masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Iqtisodiy rivojlanish vaziri qabul uchun davlat rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin va bosh vazir Dmitriy Medvedevning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdorlik mavjudligi ta’kidlandi.

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!