Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan 71 vatandosh O‘zbekistonga qaytarildi

Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan 71 vatandosh O‘zbekistonga qaytarildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda og‘ir ahvolda qolgan vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlarni boshladi. «Gazeta.uz»ning xabar berishicha, shunday vatandoshlarning dastlabki guruhi (jami 71 kishi) 12 oktyabr kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning ikki (16:55 va 22:35 dagi) reysi bilan Moskvadan Toshkentga yetib keldi.

Aeroportda ularni qarindoshlari, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev (quyidagi suratda — o‘rtada) va vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari bo‘yicha agentik vakillari kutib olgan.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5—8 sentyabr kunlari Moskvada bo‘lib o‘tgan 19-majlisi davomida Rossiya IIV hududiy boshqarmalari huzuridagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazlarida qolayotgan 1500 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolarining vatanga qaytishiga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.

Bunday fuqarolar toifasiga og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va yashash uchun mablag‘i yo‘q kishilar kiradi.

Vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Ushbu jamg‘arma O‘zbekiston Prezidentining 5 iyuldagi farmoni bilan tashkil etilgan edi.

Manba: daryo. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!