Qaynona-kelin ahil bo‘lsa

Qaynona-kelin ahil bo‘lsa

Alloh taolo barcha mavjudotlar qatori inson zotini ham juft qilib yaratdi. Shu juftlik orqali odamlar halol yo‘l bilan oila qurib, o‘zidan farzand va nabiralar qoldirib, inson sulolasining davom etishini ta’minlaydi.
Alloh taolo erlar va xotinlar o‘zaro murosa va totuvlik bilan yashashi uchun ular o‘rtasida inoqlik va muhabbat tuy¬g‘ularini ham paydo qildi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Uning alomatlaridan (biri) – sizlar taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun ibrat-alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Oila insonning dunyoviy saodatini ta’minlovchi qo‘rg‘ondir. Oilada doimo tinchlik va totuvlik davom etishi uchun er va xotin, qaynona va kelin o‘zlarining vazifa va burchlarini to‘liq ado etishlari lozim. Zero, oila faqat er-xotindangina iborat emas, ularning ota-onalari va farzandlari ham shu oilaning a’zolari sanaladi.
Shariatimizda qaynota va qaynona kuyov yoki kelinga nisbatan qanday maqomda turishi ham bayon etilgan. Qaynota kelinga o‘z otasidek abadiy mahram, qaynona kuyovga o‘z onasidek abadiy mahram sanaladi. Qaynota va qaynona kuyovga ham, kelinga ham ota-ona o‘rnida bo‘ladi va ularning hurmatini joyiga qo‘yish hamda roziligini olishi vojibdir. Ular mening ota-onam emas, ularning roziligini olishim shart emas, de¬yish nodonlik va ilmsizlikdir.
Kelinlar qaynonalarini o‘z onasidek yaxshi ko‘rib, hurmat ko‘rsatishi, ularni g‘animat bilib, duolarini olishga harakat qilishi kerak. Bu erning ham roziligiga sabab bo‘ladi. Erning roziligi esa jannat yo‘lidir. Ba’zi xonadonlarda kelinga xuddi xizmatkordek munosabatda bo‘lish holatlari uchraydi. Ba’zi xonadonlarda esa aksincha, kelinlar yo‘q joydan muammo chiqarib, katta-katta talablar qo‘yib, erning topganiga qanoat qilmay, eri bilan qaynonasining orasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirda ayrim oilalarda erkak kishining turmush tashvishlaridan o‘zini chetga olib, oilani boshqarishni ayollar zimmasiga tashlab qo‘ygani ham oilalar parokandaligiga olib kelmoqda. Bu ayniqsa, qaynotalarning yangi oila qurgan farzandlari taqdiriga yetarli darajada e’tibor qaratmasligi oqibatida qaynonalarning keliniga o‘z hukmini o‘tkazishga intilishida yaqqol ko‘rinmoqda. Oila, turmush borasida hali tushunchaga ega bo‘lmagan kelinga pand-nasihat qilib, uni yo‘lga solish o‘rniga arzimagan mol-matoh uchun ro‘zg‘or yumushlarini bajarolmagani tufayli uni kamsitish insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan holat.
Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
“Qiyomat kunida Alloh taoloning nazdida eng yomon darajadagi inson odamlar uning yomonligidan saqlanish uchun tashlab ketilgan kimsadir”,deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ne orzu-havaslar bilan oila qurgan kelin qaynonaning jabru sitamiga chiday olmay uydan ketishga majbur bo‘lmoqda. Hatto ba’zilari bu g‘avg‘olarni ko‘tara olmay, o‘z joniga qasd qilishgacha borayotgan holatlar uchramoqda.
Insonning eng yaxshi fazilatlaridan biri uning kechira olish xislatidir. Shunday ekan, qaynonalar yosh kelinlaridan o‘tgan kamchilik va xatolarni kechira bilishlari ham olijanoblik sanalib, yoshlarning to‘g‘ri yo‘lga tushishiga yordam beradi. Oilada qaynonalar yoshi ulug‘, tajribali bo‘lganlari uchun yoshlarga imkon berishi, bilmaganlarini o‘rgatishi, bag‘rikenglik qilishlari darkor. Ayni paytda kelinlar ham xatolarini tan olib, qaynonalardan uzr so‘rashlari ularning hurmatlari ortishiga olib keladi.
Shu o‘rinda har ikki tomonga tegishli bo‘lgan bir hadisi sharif¬ni aytib o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni hurmat qilmagan, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmagan kishi bizdan emas” (Imom Termiziy rivoyati). Kechirimli bo‘lish dinimizda maqtalgan sifatlardan hisoblanadi. O‘zgani kechirish nafsga yoqmasa ham, bu katta mojarolarning oldini oladi, kelgusidagi xotirjamlikni ta’minlaydi.
Oila hayoti hech qachon bir tekis, faqat shodu xurramlik, baxt-saodatdan iborat bo‘lmaydi. Ba’zida qaynonalar farzandlarining baxtli bo‘lishi yo‘lida o‘zlarining hoyu havaslaridan voz kechishlariga ham to‘g‘ri keladi. Qachonki, er-xotin birgalashib, oila totuvligi yo‘lida kurashsagina qiyinchiliklarni yengish oson kechadi, oila xotirjamligiga erishadi.
Alloh taolo jamiyatimizdagi barcha oilalarni baxtli va mustahkam qilsin!

Manba: muslim.uz

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!