Qashqadaryolik jinoyatchilar to‘dasi Buxoroda qing‘ir ishni amalga oshirishdi, ammo...

Qashqadaryolik jinoyatchilar to‘dasi Buxoroda qing‘ir ishni amalga oshirishdi, ammo...

O‘tgan yilning ayni kuzagida shahrisabzlik Bahrom Shokirov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) sheriklari Sobir va Latif bilan qo‘shni Buxoro viloyatiga safarga otlandi.

Aslida, ko‘pchilik Buxoroi sharifga ziyorat yoki do‘stu birodarlari bilan diydorlashish maqsadida boradi. Bu hamtovoqlarning esa, ushbu «safar»dan ko‘zlagan muddaosi boshqa edi. Ular begona hududda bosqinchilik va o‘g‘rilik qilishni ko‘zlashgandi.

Endi shu qabih voqea tafsilotiga oydinlik kiritamiz.

Bahrom nosog‘lom muhitli oilada voyaga yetgan. Maktabni amal-taqal tugatgach, o‘qish yoki tayinli bir ishning boshini tutmadi. Yoshligidanoq o‘g‘rilik, bezorilik kabi illatlarni o‘ziga kasb qildi. Hatto u kilmishlari uchun ikki marta qonuniy jazoga mahkum etildi.

Biroq keyingi jazo muddatini o‘tash asnosida jamiyatimizda qaror topgan insonparvarlik, bag‘rikenglik tamo­yillari tufayli Bahromga belgilangan jazo muddati yengil jazoga, ya’ni axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi. Oradan ikki yil o‘tib esa, u bu jazodan ham muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.

Taassufki, Bahrom bu bag‘rikenglik va imkoniyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Ha­lol mehnat qilish, oilasi, far­zand­lariga naf keltirish o‘rniga yana jinoyat ko‘chasiga kirdi. Ya’ni «Bukrini go‘r tuzatadi», degan naql aynan Bahromga o‘xshagan kimsalarga nisbatan aytilgan bo‘l­sa, ajab emas.

Hayotda negadir ko‘pincha chirkin niyatdagi kimsalar tez va oson til topishadi. Bu­ning tasdig‘i shuki, guruhboshi Bahromning «maslak»doshlari Buxorodan ham tezda topila qoldi.

Uning qabih rejasiga ko‘ra, tanishlari Adiba Nosirova va G‘ulom Zamonov Buxoro shahrida yashovchi, o‘ziga to‘q, badavlat xonadonlarni mo‘l­jalga olib, ularning manzilini hamtovoqlariga yetkazishi kerak. Ke­yin esa, jinoiy guruh bosqinchilik yo‘li bilan bu fuqarolarning mulkini qo‘lga kiritadi.

Qisqasi, uyushgan jinoiy gu­ruh Buxoroga yetib kelgach, A. Nosirova shaharda istiqomat qilayotgan tadbirkor ayollar Fayoza Botirova va Nigora Vahobova xonadonini mo‘l­jalga olib qo‘yganini bildirdi.

— Bu ayollar uyidagi boylikni qo‘lga kiritsak, kam bo‘l­maymiz, — dedi Adiba.

A. Nosirovaning rejasi ji­noiy guruh a’zolariga ma’qul tushdi.

O‘sha oqshom jinoiy guruh a’zolari avvaldan tayyorlab qo‘yilgan qo‘lqop va niqoblar, shuningdek, o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i bilan qurollanishdi. Ular A. Nosirova boshqaruvidagi «Lasetti» avtoulovida yarim tunda F. Botirovaning xonadoniga yo‘l olishdi.

Jinoiy guruh manzilga yetib kelgach, kelishuvga ko‘ra, Adiba va G‘ulom atrofni kuzatib turish uchun avtomashinada qoladigan, boshqalar esa, F. Botirovaning xonadonidagi «o‘lja»ni qo‘lga kiritadigan bo‘ldi. Ammo ular xayol qilgan «ov» puch bo‘lib chiqdi.

Chunki bosqinchilar devor oshib hovliga tushgach, uydan eshitilayotgan televizor tovushini odamlarning ovozi deb fahmladilar. Oqibatda jinoiy qilmishni oxiriga yetkaza olmay, ortga qaytishdi.

Bundan xunob bo‘lgan hamtovoqlar oradan bir kun o‘tgach, navbatdagi o‘lja — Nigora Vahobovaning honadonini nishonga olishdi. Ular xuddi avvalgidek, yarim tunda A. Nosirovaning avtomashinasida N. Vahobova yashaydigan ko‘chada paydo bo‘lishdi.

Bosqinchilar N. Vahobova yolg‘iz yotgan xonaga sharpasiz kirib, uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, oldindan tayyorlangan yelim moslama bilan og‘zini berkitishdi. So‘ng uy bekasini kaltaklab, unga pichoq o‘qtalishdi.

Shu yo‘l bilan bosqinchilar N. Vahobovaga tegishli 20 ming AQSh dollari, 40 million so‘m pul mablag‘i hamda 52 million 500 ming so‘mlik tilla taqinchoqlar, ya’ni jami 254 million 342 ming 600 so‘mlik mablag‘ va boshqa moddiy boyliklarni o‘marib, voqea jo­yidan g‘oyib bo‘lishadi.

Aslini olganda, bosqinchilik va talonchilikning hadisini olgan B. Shokirov Buxorodagi jinoiy qilmishlaridan oldin boshqa bir qing‘ir ishga ham qo‘l urgandi. Ya’ni jinoiy sheriklari — Akmal Sharipov, Sanjar Nazarov bilan birga Kitob tumanida yashovchi tadbirkor Yashin Halimovning xonadoniga uning hamqishlog‘i Zokir Mu­hid­dinov «ko‘rsatmasi» asosida tunda bostirib kirishgandi. Bu talonchilikning boshqa sabablari ham bor edi, albatta.

Ancha paytdan buyon Z. Muhiddinov hamqishlog‘i YA. Ha­li­movdan olgan qarzini bermay kelayotgandi. Shu bois, ke­yingi paytlarda ikkalasining orasidan gap qochgandi. Buni qarangki, Zokir olgan qarzini vaqtida qaytarish o‘rniga Yashindan o‘zgalar qo‘li bilan o‘ch olishni maqsad qiladi.

Afsuski, «maslak»doshlarning qaltis «operasiya»si bar­­bod bo‘ladi. Chunki Yashinning yon qo‘shnisi «tungi sharpa»larning qaltis harakatlarini sezib qolgach, ular jinoiy qilmishlarini oxiriga yetkazolmay, ortga qaytishadi.

Oyni etak bilan yopib bo‘l­maydi. Har qanday jinoiy xatti-harakat ham, u qay ko‘rinishda bo‘lmasin, payti kelib yuzaga qalqib chiqishi tayin.

Binobarin, uzoq surishtiruv va tergov jarayonida hamtovoqlarning kirdikorlari birma-bir oshkor bo‘ldi. Jinoiy guruh yetakchisi B. Sho­ki­rov va uning jinoiy sheriklari tergov davomida turli yol­g‘on uydirmalarni ro‘kach qi­lib, suvdan quruq chiqib ketishga qanchalik urinmasin, isbot va dalillar, qolaversa, jabr­lanuvchi va guvohlarning ko‘r­satmalari bu kimsalarning asl qiyofasini fosh qilib qo‘ydi.

Sud hay’ati sudlanuvchi B. Shokirov va boshqa jinoiy guruh a’zolarining kirdikorlarini batafsil o‘rganib chiqib, ularning har biriga qonuniy jazo tayinladi.

Shuning barobarida, jabrlanuvchi Nigora Nosirovaning foydasiga bor-yo‘g‘i 13 million so‘m moddiy zarar qoplanganini inobatga olgan holda, qolgan 241 million so‘m moddiy zararni sudlanuvchilar hisobidan solidar tartibda undirish haqida hukm chiqardi.

Xulosa shuki, hayot insonga bir marta beriladi. Shunday ekan, bu bebaho ne’matni faqat ezgu va xayrli amallarga bag‘ishlagan kishi aslo kam bo‘lmaydi.

Aksincha, to‘g‘ri yo‘l qolib, egri yo‘lni tanlagan kimsalar alaloqibat el nazaridan qolib, yuzshuvut bo‘ladi.

Bu hayotiy achchiq haqiqatni hech qachon unutmaslik kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!