Ostona SHHT sammitiga tayyor

Ostona SHHT sammitiga tayyor

Qozog‘istonda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlik yakunlandi. Sammit 3-4 iyul kunlari Ostona shahrida SHHT+ formatida 16 davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Sammitda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham qatnashadi. Bundan tashqari tadbirda Belarus, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Qatar, BAA va Turkmaniston rahbarlari ham kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.

Shuningdek, Ostonaga BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, KXSHT, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, MDH, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi kabi xalqaro tashkilot vakillari ham kelishi kutilmoqda.

“Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash: barqaror tinchlik va taraqqiyotga intilish” shiori ostida o‘tadigan sammitning asosiy kun tartibi dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishda SHHT rolini kuchaytirishdan iborat bo‘ladi.

Rahbarlar barqarorlikni ta’minlash uchun birinchi navbatda xalqaro savdo va iqtisodiyotga e’tibor qaratish niyatida. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, infratuzilma, energetika, ekologiya, sog‘liqni saqlash, turizm, ta’lim, raqamlashtirish, transport va logistika masalalari ham muhokama qilinadi.

Sammit yakunlari bo‘yicha turli sohalarga oid 20 dan ortiq hujjatlar, jumladan, SHHTning dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha pozisiyasi va istiqbolli tadqiqotlari o‘z ifodasini topgan Ostona deklarasiyasi, shuningdek, “2035 yilga qadar SHHTning rivojlanish strategiyasi” va “2030 yilgacha SHHTning energetika hamkorligini rivojlantirish strategiyasi” qabul qilinadi.

Sammit kun tartibidagi muhim mavzulardan biri ham terrorizmga qarshi kurash mavzusi bo‘ladi. Tadbirda “2025-2027 yillarga mo‘ljallangan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi” va “SHHTning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan narkotiklarga qarshi kurash strategiyasi” muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda Belarusning SHHTga to‘laqonli a’zoligi bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu sammitdan so‘ng SHHTga raislik Xitoyga o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!