Internetda milliy kontentni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi

Internetda milliy kontentni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi

Mamlakatimizda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash borasida mustahkam huquqiy baza yaratildi. Jumladan, 10 dan ziyod qonun, 150 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat, milliy kontentni rivojlantirish maqsadida Senat hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.

“UZ”domenidagi veb-saytlarda 2023 yil va 2024 yilning olti oyi mobaynida huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 1 ming 49 veb-sayt monitoring qilinib, 6 ming 241 huquqbuzarlik holati aniqlangan.

Shu bilan birga, milliy qonunchilik talablariga zid bo‘lgan 19 ming 130 material mavjudligi aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.

Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ushbu masalaga taalluqli bo‘lgan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda muhokama qilindi.

Media makonda milliy kontentni rivojlantirish hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan shu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish har qachongidan dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etildi.

O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, milliy kontentni yaratishda o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, teleradiokanallarni sifatli milliy media kontent bilan ta’minlash orqali ommani vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda madaniy merosni targ‘ib etuvchi, ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning boy merosini targ‘ib etish ishlarini yanada jadallashtirishga ehtiyoj yuzaga kelmoqda.

Muhokamalar jarayonida ta’kidlanganidek, ayrim davlat va nodavlat telekanallarda auditoriyaning xohish-istaklari, axborot manbalariga munosabatini aniqlash, ommaviy axborot vositalari orqali foydali kontentni tarqatish bo‘yicha fuqarolar fikrlarini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovnomalar tashkil etish ishlariga yetarli e’tibor berilmagan.

Badiiy kengashlar faoliyati bilan bog‘liq muammolar mavjudligi sababli mazmunsiz lavhalar efirga uzatilayotgan holatlar kuzatilmoqda. Badiiy kengashlar faoliyati aniq mezonlar asosida tashkil etilmagan.

Tahlillarga ko‘ra, axborot mahsulotini ekspertizadan o‘tkazish va axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini aniqlash hamda to‘g‘ri belgilash bo‘yicha belgilangan tartibga amal qilinmayapti.

Jumladan, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi ko‘rsatilmaslik bo‘yicha 42 qonunbuzilish holati qayd etilgan.

Senatorlar reklama mahsulotlarining tarqatilishi va efirga berilishida til qoidalarini buzib talqin etish holatlari uchrab turgani, ijtimoiy axborot, milliylikni targ‘ib etishga qaratilgan reklamalar soni kundan-kunga kamayib borayotganiga ham e’tibor qaratdi.

Bu borada Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilik talablari buzilganlik holati bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga 3 ming 518 ogohlantirish va ko‘rsatma kiritilgan bo‘lib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 25 sub’ektga nisbatan 529,4 million so‘m miqdorda moliyaviy jarima qo‘llanilgan.

Senatorlar tomonidan milliy kontentni rivojlantirish doirasida jamiyatni, ayniqsa, yoshlarni tezkor, xolis, sifatli va foydali ma’lumotlar bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi va bu borada aniq takliflar bildirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!