Ombudsmanning mintaqaviy vakillari

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari

“Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunining 208-moddasiga ko‘ra, Vakil Komissiya a’zolari orasidan o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini (bundan buyon matnda Vakilning mintaqaviy vakili deb yuritiladi) tayinlaydi.

Vakilning mintaqaviy vakili quyidagi huquqlarga ega:

tegishli mintaqada yashovchi jismoniy shaxslarning yoki tegishli mintaqada joylashgan nodavlat notijorat tashkilotlarining murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda ko‘maklashish;

mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga aniqlashtirilishi lozim bo‘lgan holatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilish, shuningdek ulardan ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha hujjatlar, materiallar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash hamda olish;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni himoya qilish sohasida axborot-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirish.

Vakilning mintaqaviy vakili:

o‘z faoliyati to‘g‘risida har chorakda Vakilga axborot taqdim etishi;

arz qiluvchining shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek shikoyatlarni tekshirishga doir axborotni Vakilning ruxsatisiz va roziligisiz oshkor etmasligi shart.

Vakilning mintaqaviy vakili qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari Vakilning mintaqaviy vakili faoliyatiga ko‘maklashadi.

Vakilning mintaqaviy vakili inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati to‘g‘risida har yili tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesini, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarini xabardor qiladi.

Vakilning mintaqaviy vakiliga Vakil tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!