Nega sirtqi bo‘lim joriy qilindi?

Nega sirtqi bo‘lim joriy qilindi?

Kadrlar muammosi bor jabhada rivojlanish tendensiyasi to‘g‘risida gapirish mushkul...

Veterinariya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida har yili o‘rtacha hisobda 200 nafar oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlanayotgan edi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu ko‘rsatkich sohada kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq hal etish imkoniyatini bermasdi. Kadrlar muammosi bor jabhada esa rivojlanish tendensiyasi to‘g‘risida gapirish mushkul.

Prezidentning 2017 yil 9 dekabrdagi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida agrar sohada zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan kadrlar yetishmayotgani, ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta ekanligi alohida qayd etildi. Chorva mollarining zotini yaxshilash, parrandalarda kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmayotganligi xususida so‘z yuritilib, yurtimizda veterinariya medisinasi institutini tashkil etishning fursati kelganli ta’kidlangan edi.

Jahonning ilg‘or tajribalari o‘rganilgan holda sohaning zamon talablari asosida rivojlanishini hamda malakali kadrlar yetishtirish maqsadida joriy yil 8 mayda Prezidentning «Samarqand veterinariya medisinasi institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

O‘z navbatida, institut oldiga qator vazifalar qo‘yildi – soha uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, rivojlangan xorijiy davlatlarning veterinariya va chorvachilik sohasi bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish asosida ta’lim jarayonlariga tadbiq etish hamda ta’lim berish jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash.

Joriy o‘quv yilida sohada joylardagi oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, institutga talabalarni viloyatlarga ajratilgan kvotalar asosida qabul qilishga erishildi. Oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan defisit o‘rnini qoplash maqsadida sirtqi bo‘lim joriy qilindi. Kunduzgi ta’lim bo‘yicha 750 nafar bakalavr va 50 nafar magistr yo‘nalishiga, 450 nafar talaba sirtqi ta’lim bo‘yicha o‘qishga qabul qilindi. 

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!