Navoiydagi yong‘in yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda

Navoiydagi yong‘in yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoida o‘t o‘chiruvchilar kech kelgani sababli uy yonib bitgani haqida xabarlar tarqalgandi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ushbu holat yuzasidan shunday izoh berdi:

 

2020 yil 20 yanvar kuni soat 06:40 larda Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga Navoiy shahri “Guliston” massivi Bog‘ishamol ko‘chasi 3/2-uyda yong‘in bo‘layotganligi to‘g‘risida “101” raqami orqali xabar berilgan.

 

Navoiy shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘linmasi 2-Yong‘in-qutqaruv qismidan ikkita yong‘in o‘chirish avtomobillari soat 06:41 da qismdan chiqib ketgan hamda yong‘in sodir bo‘lgan manzilga 06:51da yetib borgan.

 

Bo‘linmalar ko‘rsatilgan manzilga yetib borganida yong‘in xonadonning darvozaxonasi, barcha xonalari va tom qismi bo‘ylab alanga bilan qoplangan holatda bo‘lganligi tufayli dispetcherlik xizmatiga qo‘shimcha kuchlarni zudlik bilan jalb qilish to‘g‘risida xabar berilgan.

 

Yong‘inni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida xonadonning ikki tomonidan, ya’ni darvozaxona hamda tom qismidan bir vaqtning o‘zida uzluksiz suv purkash ishlari amalga oshirilgan.

 

Shuningdek, yong‘inning qo‘shni binolarga o‘tib ketmasligi hamda yong‘in tarqalishining oldini olish maqsadida qo‘shni xonadonlardan ham qo‘shimcha dastaklar orqali suv berilishi natijasida soat 06:55 da yong‘in to‘liq qurshab olinib, olovning tarqalishi cheklangan.

 

Bundan tashqari yong‘in sodir bo‘lgan joyga 1-yong‘in-qutqaruv qismidan 1 ta yong‘in o‘chirish avtomobili soat 07:02 da yordamga yetib kelgan va yong‘inni o‘chirayotgan bo‘linmalarni uzluksiz suv bilan ta’minlab turgan.

 

Olib borilgan tezkor amaliyotlar natijasida yong‘in soat 07:25 da to‘liq bartaraf etilgan hamda yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tomonidan sodir bo‘lgan yong‘in joyini qismlarga ajratish, yong‘in oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilgan.

 

Sodir bo‘lgan mazkur yong‘inning kelib chiqish sabablarini o‘rganishning dastlabki natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum bo‘ldi:

 

Xonadon egasi fuqaro R.Narziyev yashash uyining yotoqxonasida televizor ko‘rib turgan vaqtda uyning shift qismidan shiqirlagan shovqin eshitilganligini, shundan so‘ng, uyning tom qismiga chiqib qaraganda uy ichidan tomga chiqqan isitish pechining dudburoni atrofi yonayotganligini ko‘rgan ham bir qancha muddat olovni o‘zi o‘chirishga harakat qilgan. Shuningdek, R.Narziyevning aytishicha yong‘in ko‘lami kengayib borayotganligi va o‘chirishga kuchi yetmasligini bilgachgina qutqaruv xizmatiga xabar bergan.

 

Yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yong‘in joyiga yetib borgan vaqtda, yong‘in xonadonning mehmonxonasidan darvozaxonaga qadar tom qismi bo‘ylab alanga bilan qoplangan holatda bo‘lgan.

 

Yong‘indagi vaziyat, ya’ni olovning tarqalish vaqti va tezligining belgilangan me’yorlar asosidagi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, yong‘in o‘chirish bo‘linmalari kelgunga qadar yong‘in boshlang‘ich nuqtasidan so‘nggi nuqtasiga qadar 18 metr masofani bosib o‘tgan.

 

Bu shundan dalolatki, yong‘inning tarqalish tezligi 0,5 metr/daqiqa ekanligi inobatga olinadigan bo‘lsa, sodir bo‘lgan ushbu yong‘in 18 metr masofani 32 daqiqa vaqt ichida bosib o‘tgan. Xonadon egasi tomonidan dastlabki yong‘in qutqaruv xizmatiga 06:40 da xabar berilgan. Olib borilgan o‘rganish va surishtiruvlarga ko‘ra yong‘in 06:20 larda boshlangan.

 

Ushbu holat yuzasidan hozirgi kunda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Manba: uza. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!