Navoiyda o‘quvchi qizning onasi direktor o‘rinbosarini kaltakladi

Navoiyda o‘quvchi qizning onasi direktor o‘rinbosarini kaltakladi

Joriy yilning 5 may kuni Navbahor tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabida direktor oldi huzurida yig‘ilish o‘tkazilayotgan vaqtda shu ta’lim muassasasining 10-sinf o‘quvchisi Xaqnazarova Mohinur Nizom qizining onasi Navbahor tumani, “Paxtakor” ko‘chasida yashovchi fuqaro Adizova Xilola Mo‘minovna ta’lim muassasasiga, direktor oldi yig‘ilishiga ruxsatsiz kirib, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Qodirova Dilbar Yusupovnaga nisbatan keskin harakatlar qilib, uni sochidan tortib, ta’lim muassasasi zalida (foyesida) uni urgan. Ta’lim muassasasi pedagog xodimlarining aralashuviga qaramasdan D.Qodirovaga nisbatan tan jarohati yetkazgan.

Natijada D.Qodirovaga tez tibbiy yordami ko‘rsatilib, tuman markazidagi shifoxonaga joylashtirilgan. 
Ta’lim muassasasida sodir etilgan mazkur holat tuman xalq ta’limi bo‘limi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilganda, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Qodirova Dilbar Yusupovna fuqaro Adizova Xilola Mo‘minovnaga nisbatan hech qanday qaltis harakat sodir etmaganligi, X.Adizovaning farzandi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Xaqnazarova Mohinurni maktab formasida kelishi yuzasidan ogohlantirilganligi fuqaro X.Adizova tomonidan ushbu harakatlarni sodir etishiga sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov Navbahor tuman tibbiyot birlashmasiga borib, jabrlanuvchi D.Qodirova bilan uchrashdi va masalaga oydinlik kiritish uchun shaxsan suhbatlashdi. Suhbat asnosida holatdan xabardor bo‘lgach, 33-umumta’lim maktabga borib, pedagogik jamoa bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘qituvchilar hamda texnik xodimlar bilan bo‘lgan suhbatda D.Qodirova tomonidan o‘quvchiga nisbatan hech qanday bosim, sha’niga teguvchi harakatlar sodir etilmagani aniqlandi. Shundan so‘ng boshqarma boshlig‘i huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etib, masalani uzil-kesil adolat nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish, aybdor shaxsni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish shartligini bildirdi.

Shuningdek, mazkur holat “Paxtakor” mahallasi fuqarolari va faollar ishtirokida muhokama qilinishi belgilab olindi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan o‘qituvchini kaltaklashda aybdor deb topilgan shaxslarni Qonun doirasida javobgarlikka tortib, kelgusida boshqa shaxslarga ham dars bo‘lishi uchun bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilishlarini so‘rab qoladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!