Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan edi

Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan edi

8 oktyabr kuni, erta tongda bo‘lgan hodisa – aholi xonadonida gaz portlashi fuqarolarning murojaatlariga yuzaki qarash qanchalik xunuk oqibatlariga olib kelishi mumkinligini yana bir bor eslatdi. Chunki portlash yuzaga kelgan xonadon joylashgan ko‘chada yashovchilar (aynan portlash bo‘lgan uy egasi va qo‘shnisi ham!) bir yildan beri mazkur ehtimoliy holat haqida rasmiy idoralarga murojaat qilib, yordam so‘rab kelayotgan edi. Agar ularning murojaatlari “ochib qaralganida” va yoki jiddiyroq nazoratga olinganida voqeaning oldi olingan bo‘lardi.

Voqeani o‘rganishga borgan zarnews muxbirlariga aholi shu haqda so‘zlab berdi.

Gap shundaki, voqea sodir bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahri, Toshkent ko‘chasi 145-uydagi xonada gaz quvurlari bo‘lmagan. Xonadon devori ortida esa avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga tegishli 4 ta yirik (6 kg.lik) hamda bitta kichik, aholi uchun (1 kg.lik) gaz quvuri o‘tgan. Aholi fikricha, ana shu yirik quvurlar nosoz holga kelib, undan sizib chiqqan gaz voqeaga sabab bo‘lgan.

Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan ediKattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan edi

Xonadon sohibi Qahramon Sultonovning aytishicha, o‘sha kuni xonadonga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan mehmon kelib, ular tonggacha suhbatlashib o‘tirgan. Tonggi soat 4:15 lar atrofida portlash yuz berganida ham hamma uyg‘oq bo‘lib, darhol tashqariga otilgan. Afsuski, shunga qaramay ikki kishi kuyish tan jarohati olgan. Jumladan, qozog‘istonlik mehmon jiddiy kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan edi

Portlashdan uy egasining akasi ham jarohatlangan.

Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan edi

Masalaning ayanchli tomoni shundaki, hududda yashovchi aholi mazkur portlash ehtimoli haqida bir yildan buyon viloyat va respublika darajasidagi qator idoralarga murojaat qilib kelayotganini aytmoqda. Xususan, respublika prokuraturasiga yo‘llangan murojaat xatida, jumladan, shunday deyiladi:

“Kattaqo‘rg‘on shahar Ko‘hnadam mahallasi, Toshkent ko‘chasida yashovchi aholi, jumladan bizning uy-joyimiz, farzandlarimiz va o‘zimiz bir necha yildan buyon portlash xavfi ostida qolmoqdamiz. Biz bu haqda bir necha bor Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga, prokuraturaga murojaat qildik. Bizning xavfsizligimiz uchun yuqori bosimli gaz tarmog‘ini ko‘chamizdan olib tashlanmadi.
Hududda bir qator avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari qurilgach, aholi xonadonlari orasidan hayotimiz uchun xavfli bo‘lgan yuqori bosimli gaz tarmoqlari o‘tkazildi.
Natijada 2015 yilda mahallamizdagi yuqori bosimli gaz quvurlaridan Toshkent ko‘chasida joylashgan 147-uyning yerto‘lasiga sizib kirgan gaz ta’sirida kuchli portlash ro‘y berdi. Shundan keyin ham quvurlar boshqa joyga ko‘chirilmadi. Bu yuqori bosimli quvurlar ko‘chirilmasa ko‘plab xonadonlar, odamlar, bolalar jabr ko‘rishi mumkin...
Toshkent ko‘chasidagi xavfsizlik va texnika qoidalariga amal qilmasdan o‘tkazilgan quvurlarni boshqa joydan o‘tkazdirishda yordam berishingizni so‘raymiz”.

Darhaqiqat, aholi fikriga ko‘ra, mazkur hududda AYOQShlar uchun o‘tkazilgan quvurlar ta’sirida bo‘lgan bunday voqea birinchisi emas. Shu sababdan ham aholi najot so‘rab qator idoralarga murojaat qilgan.
Fuqarolarga kelgan javob xatlarida, jumladan hokimlik xatida esa mazkur ob’ektlarni ishlatish jarayonidan xavfsizlik qoidalariga rioya etish borasidagi huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Sanoatgeokontexnazorat” mutaxassislari tomonidan ekspertiza o‘tkazilgani aytilgan.

Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan edi

Ko‘rdikki, murojaatlar asosli, aholi qo‘rqqan narsa oxir-oqibat sodir bo‘ldi. Endi tabiiy savol tug‘iladi, agar rostdan ham ob’ektlar ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa berilgan bo‘lsa, nega portlash sodir bo‘lib aholi jabr ko‘rdi?
Quvurlar “belgilangan talablarga mos” deb imzo qo‘ygan tashkilot vakillariga, umuman shu vaqtga qadar qilingan murojaatlarga yuzaki qaraganlarga qanday endi qanday huquqiy baho beriladi? Aholi endi bu kabi rasmiy javob xatlariga qanday ishonadi? Ko‘rilgan zararni kim qoplaydi?

Kattaqo‘rg‘ondagi gaz portlashi: Aholi bundan mas’ullarni bir yildan beri ogohlantirib kelayotgan edi

"Kattaqo‘rg‘onshahargaz" gaz ta’minoti bo‘limi mutasaddilari ham biz bilan suhbatda quyidagilarni bildirdi.

Shavkat Abdusalomov, "Kattaqo‘rg‘onshaxargaz" gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i:
“Holatni o‘rganish uchun quvurlarni ochib ko‘rdik. Bu yerdan bitta Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga boradigan gaz kichik gaz quvuri va to‘rtta Kattaqo‘rg‘on tumanidan gaz oladigan, bir necha AYOQShlarga boradigan yirik gaz quvurlari bor. Aholi uchun boradigan kichik quvurlarda nosozlik yo‘qligini ko‘rdik. Endi yirik quvurlarni ko‘zdan kechiryapmiz, keyin holatni aniqlaymiz”.

Quvurlar to‘liq qazilgach, AYOQShlarga tortilgan yirik gaz quvurlaridan biri yorilib, gaz shu orqali tarqagani aniq bo‘ldi. Buni aholi va gazta’minot korxonasi vakillari tasdiqladi.
Ma’lum bo‘ldiki, aynan shu kungacha aholi xavotir olib kelgan, qator tashkilotlarga murojaatlarida nazarda tutgan yuqori bosimli quvurning nosoz holga kelgani sababli portlash yuzaga kelgan. Bunday holat aholining aytishicha, oldin ham bir necha marta sodir bo‘lgan.

Xo‘sh, “belgilangan talablarga mos” deganda mutasaddilar nimani nazarda tutishmoqda? Holatni bartaraf etish uchun qanday qurbonlar kerak? Xullas, savollar ko‘p, ularga aholi javob kutmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Yodingizda bo‘lsa joriy yil 23 iyulida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari bilan ishlash davlat rahbari tomonidan qattiq tanqid ostiga olingan edi. Ko‘pincha fuqarolar ham davlat boshqaruv idoralariga murojaatlari jiddiy o‘rganilmasligi, shunchaki javob xati kelishi haqida gapiradi. Kattaqo‘rg‘ondagi voqea esa o‘sha selektordagi gap ham, murojaatlarga e’tiborsizlik haqidagi fuqaro e’tirozi ham qanchalik haq ekanini ko‘rsatmoqda.
Tegishli tashkilotlar qanday saboq chiqarishi hozircha bizga noma’lum. Jabr ko‘rgan aholiga zararni kim qoplab berishi, umuman, voqea qanday yakun topishi yuzasidan zarnews kuzatishlarini davom ettiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!