Jumaning ham qorasi bo‘ladimi? Yoxud qiyomatni istayotganlar

Jumaning ham qorasi bo‘ladimi? Yoxud qiyomatni istayotganlar

Biz yashayotgan har bir kun Alloh taolonikidir. Ammo, bu kunlar orasida bir kun borki bu biz musulmonlar uchun "sayyid ul ayyom" - kunlarning ulug‘i hamda "hajjul masakin" - miskinlar haji deya e’tirof etiladi. 
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Quyosh chiqqan kunning eng yaxshisi Juma kunidir. Unda Odam xalq qilindi. Unda u jannatga kiritildi. Unda u jannatdan chiqarildi. Qiyomat kuni ham faqatgina Juma kuni qoim bo‘lur», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Abu Dovud quyidagilarni ziyoda qilgan: «Unda uning tavbasi qabul qilindi. Unda u vafot qildi. Unda qiyomat qoim bo‘lur. Juma kuni hamma jonivorlar tong otgandan to quyosh chiqquncha (qiyomat) soatini qo‘rqinch ila kutib tururlar. Faqat jin va ins bundan mustasno», deyilgan.

Bu shunday ulug‘ kun, chunki bu kunda duolar ijobat bo‘ladi, salavotlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga ko‘rsatiladi, qadamlar ostidan nurlar chiqadi, masjid sari tashlangan har bir qadam nafl ro‘za va ibodat qilganga tengalshtiriladi, gunohlar mag‘firat etiladi, masjidga barvaqt borgan musulmon tuya qurbonlik qilgan ajriga noil bo‘ladi.

Black Friday - Qora juma. Xo‘sh, nega bugun biz musulmonlar ardoqlaydigan kunni qora juma deya atashib reklamalar bermoqda? Uning tijorat va savdoga qanday aloqasi bor?

Gap shundaki, AQSh va ko‘plab nasroniylar yashaydigan davlatlarda nasroniylikning "shukronalik kuni" bayramidan so‘ng aksariyat nasroniylar dam olishadi. Nasroniylarning yana bir bayrami "rojdestvo"ga atalgan savdo mavsumi shu kundan boshlanadi. Bu kunda do‘konlar ko‘proq mahsulot sotish uchun katta chegirmalar taqdim qiladi. Xaridorlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida do‘konlar yarim tunda ochilishni boshlaydi. Ayrim do‘konlar esa shukronalik bayrami kechasidan tongga qadar ishlaydi. Yarim tun va asosan erta tongdan do‘konlar oldida tumonat odam yig‘ilishni boshlaydi. Xaridlar jarayonidagi ur-to‘polon haqiqiy tomoshaga aylanadi. Voqea shunday tus oladiki xaridorlar o‘zaro mahsulot talashib bir-birlarni jarohatlashgacha boradi. Do‘kon egalari uchun bu qiziq emas, muhimi mahsulotlari tezroq sotilsa bo‘ldi. 
Odamlar esa arzon narsaga erishaman deb o‘zlarini hayvonlardek tutishadi. Yuqoridagi sabablarga ko‘ra, bu kun AQShda "Black Friday" deb nom chiqargan. 
Bugun tijoratchilarimiz mahsulotlarini tezroq sotish maqsadida musulmonlarni ham xuddi shu ahvolga solishni niyat qilib "Black Friday"lar uyushtirayotgan bo‘lsa, ularga aytar gapimiz: G‘arbdan o‘zimizga kerakli texnologiyalarni, kashfiyotlarni o‘zlashtiraylik, bem’ani va insonni hayvonga aylantiruvchi, nafs gadosi qiluvchi bemaza odatlarni emas! Ayniqsa, u o‘zga din vakillarining bayramlariga aloqador bo‘lsa. Musulmonlar uchun shunchaki chegirma degan so‘zning o‘zi kifoya. 
Hurmatli haridorlarga esa quyidagi hadisni eslatishni lozim deb topdik: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘zini bir qavmga o‘xshatsa, bas, u o‘sha qavmdandir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). Siz uchun juda muhim bo‘lmagan buyumlar uchun iymoninggizga putur yetkazmang! Aslida, bu "shovvoz" reklamachilarning miyangizga arzon deya singdirayotgani ham bozor narxidan 2-3 barobar qimmat. Kamiga, sotilayotgan narsalarga nazar tashlasangiz, ularga deyarli ehtiyoj va talabingiz yo‘q. Talabgor bo‘lgan mahsulot uchun esa reklama-yu, "Black Friday"lar shart emas! 
Musulmonlar uchun, nafaqat musulmonlar, balki butun insoniyat uchun faqat bitta "Qora juma" bor bu - Qiyomat kuni! Bu ham aslida qora emas, ammo, daxshatining bepoyon ekanligidan hammani larzaga soladi.

Saidabror UMAROV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!