Germaniyalik futbolchi Antonio Ryudigerning Ramazon tabrigi mojaroga sabab bo‘ldi

Germaniyalik futbolchi Antonio Ryudigerning Ramazon tabrigi mojaroga sabab bo‘ldi

Madridning «Real» klubi va Germaniya terma jamoasi himoyachisi Antonio Ryudiger ijtimoiy tarmoqdagi obunachilarni Ramazon oyi kirib kelishi bilan tabriklagani ortidan mojaro markaziga tushib qoldi, deb yozadi Sport24 nashri.

Ryudiger tabriklari so‘zlari bilan birga etagi uzun oq libosda shahodat barmog‘ini yuqoriga qaratgan holda tushgan suratini ham chop etdi. Jurnalist Julian Reyxelt bu ishorani futbolchining terror tashkiloti bilan aloqasi belgisi deb hisobladi.

OAVdagi tuhmatli bayonotlardan so‘ng Ryudiger Reyxeltni haqorat, tuhmat hamda dinlararo nafrat va adovatni qo‘zg‘atishda ayblab, sudga berdi. Germaniya futbol assosiasiyasi sportchini qo‘llab-quvvatladi.

“Ramazon boshlanishi munosabati bilan men post e’lon qildim. U 13 kundan beri jamoatchilikka ochiq bo‘lib, hech kimning tanqidisiz bir necha million obunachilarni jalb qildi. Ammo so‘nggi kunlarda bu suratdan ayrim shaxslar asossiz ayblovlar qo‘yish uchun foydalanmoqda. Men ishlatgan imo-ishora islomda Allohning birligi va yagonaligini anglatadi. Bu imo-ishora butun dunyo musulmonlari orasida keng qabul qilinib, so‘nggi bir necha kun ichida Ichki ishlar vazirligi tomonidan muammo tug‘dirmasligi aniqlangan”, - deb yozdi futbolchi Bild nashriga.

Ryudiger musulmon sifatida o‘z diniga amal qilishi, lekin ekstremizmning har qanday turidan o‘zini qat’iy uzoq tutishini ta’kidladi. “Zo‘ravonlik va terrorizmni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Men tinchlik va bag‘rikenglik tarafdoriman. Oila a’zolarim turli dinlarga mansub. Biroq, biz bir-birimizni hurmat qilamiz va diniy bayramlarni birga nishonlaymiz. Hurmat va bag‘rikenglik barchamiz oilamizda namoyon bo‘ladigan asosiy tamoyillardir”, - deya ta’kidladi u.

Shu bilan birga, futbolchi yetarlicha e’tibor berilmaganligi sababli, uchinchi shaxslarga bo‘linish va qutblanish uchun xabarini ataylab noto‘g‘ri talqin qilish imkoniyatini berganini tan oldi.

“Ammo men bo‘linish va radikallashuv uchun platforma taqdim etmayman, shuning uchun ikkita muvaffaqiyatli xalqaro o‘yinimizdan so‘ng aniq bayonot berishga qaror qildim. Shu bilan birga, men o‘zimni haqorat qilish va kamsitishlariga ham yo‘l qo‘ymayman. Shuning uchun shikoyat qilishga qaror qildim”, - deb yozdi u.

Antonio Ryudiger bu borada uni doim qo‘llab-quvvatlagan Germaniya futbol assosiasiyasiga minnatdorchilik bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!