Dunyodagi uchinchi eng buzruk maskan shu yerda: u joyni bilasizmi?

Dunyodagi uchinchi eng buzruk maskan shu yerda: u joyni bilasizmi?

Bir ko‘cha afsonaviy Registon ansambliga olib chiqsa, yana biri muborak qadamjo — Shohi Zindaga eltadi. Yo‘l bo‘ylab qad rostlagan zamonaviy binolar ketidan asriy tarixga guvoh uylarni ko‘rib, tarix zarvaraqlari chalkashtirib qo‘yilgandek tuyuladi.

Tug‘ishgandan ham yaqin

Har gal «Sen yetim emassan» filmini tomosha qilganimda, bir o‘zbek oilasining o‘n besh nafar turli millatga mansub bolani qaramog‘iga olib, barini barobar ardoqlab, bor bisotini birga baham ko‘rib, eng og‘ir damda ko‘rsatgan jasoratiga qoyil qolaman. Bir kuni oilamiz bilan o‘sha filmni takror ko‘rar ekanmiz, sersavol ukam so‘radi: «Buvi, Shoahmad ota shuncha bolani asrab olgani rostmi?» Buvim esa yoshlik chog‘laridagi yaqin dugonasidan biri — Lenaning ukrain qizi ekani, ularning oilasi O‘zbekistonga qanday kelib qolgani, keyinchalik ketishga imkon tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, vataniga qaytmagani haqida aytib berdilar. So‘ng devor-darmiyon qo‘shnilar Mixail va Marat akalarning havas qilgudek munosabatini misol keltirib, bizga ham ana shunday inoq bo‘lishimizni uqtirdilar. O‘shanda o‘zimcha o‘ylaganim yodimda: dunyodagi jami insonlarni yagona ip — odamiylik rishtasi chambarchas bog‘lab tursa kerak. Ana shu rishta begona insonlarni ham jigardek yaqin qilib qo‘yadi.

Sharq mahallasida ham uzoq yillar birga yashab, qarindosh tutinib ketgan o‘nga yaqin turli millat vakillari istiqomat qiladi.

«O‘zbek tilida biyron-biyron gapiradi...»

— Mahallamizda uch mingdan ziyod aholi, 610 ta xonadon bor, — deydi mahalla raisi Asliddin ­SHAROFIDDINOV.— O‘zbek, tojik, koreys, tatar, rus, ozarbayjon, qozoq va yahudiy kabi millat vakillari ko‘pdan beri yashaydi. Shu kunga qadar ular o‘rtasida hech qanday nizo va tushunmovchilik bo‘lmagan. Aksincha, bir joyda yashab, o‘zaro aka-uka, opa-singildek bo‘lib ketishgan. Milliy bayramu yig‘inlarda birinchilardan bo‘lib taklif va mulohaza bilan qatnashadi. Urf-odat va an’analarimizga bo‘lakcha hurmat bilan qaraydi. Ko‘plari o‘zbek tilida bemalol so‘zlasha oladi. Navro‘z tantanalarida, xalq sayillarida o‘zbekcha lapar va qo‘shiqlar aytib, bizni lol qoldirgan vaqtlar ham bo‘lgan.

Kezi kelganda oiladagi arzimas narsaga tortishayotgan o‘z bolalarini murosaga chaqirib, yarashtirib qo‘yish ota-onaga qiyinlik qiladi. Bunday paytda na unisiga, na bunisiga yon bosib, adolat o‘lchovida adashib qoladiganlar ham topiladi. Ajrashish yoqasidagi oilani saqlab qolish, to‘y-ma’rakalarni tartibga solish, qaynona va kelinni insofga chaqirish — bularning hammasiga yechim topishni bo‘yniga olib, uddasidan chiqish esa jo‘n ish emas. Mahalla oqsoqoli suhbat chog‘ida ishsiz fuqarolarning 95 foizi mehnatga jalb etilib, 55 nafar xotin-qiz «Samarqand — Singapur» qo‘shma korxonasiga doimiy ishga joylashgani bu yilgi eng ulkan ishlardan biri bo‘lganini alohida aytdi.

Buyuk ajdodlar ziyoratgohi

Mahalla hududidan o‘tuvchi G‘ijduvon ko‘chasida Chokardiza qabristoni bor. Chokardiza mavzesi IX asr oxiri X asr boshlarida yashagan mashhur fiqhshunos olim Abu Ishoq ibn Ibrohim ibn Samosiy al-Mutava’inning bog‘i bo‘lgan. Olim vafot etgach, shu mavzega dafn etilgan. Shundan so‘ng, bog‘ alloma Imom Abu Lays Samarqandiyning qo‘liga o‘tib, keyinchalik vafot etgach, u kishi ham shu yerga dafn etilgan. Shuningdek, islom olamidagi ko‘pgina ulug‘ zotlar, jumladan, Imom Abu Mansur Moturidiy hamda ilmi hikmat asoschisi Imom Abul Qosim Samarqandiylarning maqbarasi ham Chokardiza qabristonida joylashgan. Tarixiy manbalardan birida keltirilgan ma’lumotlar ham bu yerning qanchalar muqaddas ekanidan darak beradi: «Madinai munavvaradagi Boqiya qabristonidan va Makka mukarramadagi Mualla qabristonidan boshqa Samarqanddagi Chokardiza qabristonidan buzrukroq qabriston yo‘qdir...» Istiqloldan keyin bu  manzillar qaytadan obod etildi.

Ham rahmat, ham daromad

Obodlik ko‘cha-ko‘y, qishloq va mahalla qiyofasida ko‘rinadi. Ayni paytda mahallada jami 9 ta mehmonxonaning 4 tasi ishga tushgan bo‘lsa, qolganlarida ta’mirlash va pardozlash ishlari yakuniga yetay deb turibdi. Qolaversa, 150 kishilik restoran, sartaroshxona, novvoyxonani o‘z ichiga olgan maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksi faoliyat yuritishi bilan birga, elaksozlik, somsapazlik, tikuvchilik kabi kasb egalarining mehnati ham rahmat, ham daromad keltirayotgani ayni haqiqat. Shu o‘rinda oilaviy tadbirkor xonadonlarni e’tirof etish joiz.

— Hunarmandlik — bizning ota kasbimiz, — deydi el koriga yarayotgan usta-duradgor Bahrom HABIBJONOV. — Shu yilning o‘zida to‘rtta ish o‘rni yaratib, bejirim eshik, rom va har xil mebellar yasayapmiz. Uyimizning yerto‘la qismidan joy ajratib, 15 dona uskuna yordamida yog‘ochga ishlov beramiz. Buyurtmalar kundan-kunga ortib boryapti. Shuning uchun ham ish tobora qizg‘in ketyapti. Kelgusida yana 6 ta ish o‘rni yaratishni niyat qilganmiz.

«Hamkorlikka tayyormiz...»

Mahalla faollari yana bir taklifni o‘rtaga tashladi. Mahallaning o‘zida maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘q ekan. «Foydalanish mumkin bo‘lgan bino mavjud, sarmoya tikib, binoni qayta ta’mirlab, bolalar bog‘chasini ishga tushiradigan tadbirkor bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», deb izohladi mahalla raisi.

Shuningdek, mahallada ikkita umumta’lim maktab kutubxonasidan tashqari yana bitta 25 mingga yaqin kitob mavjud kutubxona bor. Bu kitoblar orasida tarixiy nodir asarlar talaygina. Biroq kutubxona binosi ta’mirtalab holga kelgani uchun mahalla markazida mutolaa uchun alohida xona hozirlab qo‘yilgan. Endilikdagi qilinishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalardan biri — kutubxonani fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning sevimli maskaniga aylatirishdan iborat.

Nargiza YUNUSOVA

Manba: od-press.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!