Dolzarb. Tirikchilik g‘amida g‘ayridin davlatlarga borish hukmi

Dolzarb. Tirikchilik g‘amida g‘ayridin davlatlarga borish hukmi

Bugunning dolzarb muammolaridan biri - tirikchilik g‘amida ajnabiy mamlakatlarga, xususan g‘ayridin davlatlarga borish, ko‘chish va ayrim hollarda fuqaroligini olishdir. Bunga turtki bo‘layotgan omillar hammaga ma’lum. Masalaning boshqa jihati ham bor-ki, buni bilib qo‘yish ham muammoning o‘zidek dolzarb. Ya’ni, mazkur maqsadda ajnabiy va g‘ayridin davlatlarga ko‘chib borishning shar’iy ahkomlari qanday? Quyidagi satrlar shu haqda.

G‘ayridin davlatlarga ko‘chib borish masalalarida hukm holatga qarab o‘zgaradi. Agar musulmon kishi o‘z vatanida begunoh yoki jinoyatsiz holda javobgarlikka tortiladigan yoki zulm qilinadigan bo‘lsa, o‘ziga o‘sha mamlakatlardagina omonlik ko‘radigan bo‘lsa, g‘ayridin mamlakatga ko‘chib borib, fuqaroligini olish joiz. Shu shart bilanki, amaliy hayotida dinini muhofaza qilsin, munkar o‘rinlardan uzoqda yursin.

Shuningdek kishiga o‘z vatanida zaruriy tirikchilik o‘tkazish manbai yo vositalari topilmasa, bu holda ham yuqoridagi shartlar bilan uning ko‘chishi joiz. Zero, tirikchilik uchun harakat qilish ham zimmadagi farz. Shariat esa tirikchilikka unnash muayyan joyda bo‘lishi kerakligini belgilab bermagan. Shunday ekan, u qayerda bo‘lsa ham Allohning fazli-rizqni topishga harakat qilishi mumkin.

Agar kishi g‘ayridin mamlakat kishilariga islomni yetkazish yoki o‘sha yerdagi musulmonlarga shariat ahkomlarini o‘rgatish uchun ko‘chib borib, fuqaroligini qabul qilsa, bu ishi joiz bo‘lishidan tashqari savobli amal hamdir.

Ammo kishiga o‘zining musulmon vatanida tirikchilik qilish vositalari bo‘la turib, g‘ayridin davlatga ana shu maqsadda, balki yanada yaxshi hayotni ko‘zlab ko‘chadigan bo‘lsa, bu ishi karohiyatdan xoli emas. Ba’zi olimlar hatto buni harom ham deyishadi. Chunki bunda o‘zini keng tarqagan munkar ishlarga ro‘baro‘ qilish, diniy-axloqiy tanazzul xatarini zaruratsiz zimmaga olish kabilar mavjud. Tajribadan ma’lumki, ajnabiy davlat fuqaroligini shunchaki farovonlik uchun qabul qilganlarda ichki diniy nazorat kamayib ketadi, kufrona yo‘ldan uruvchi holatlar oldida o‘zini tutolmaydi. Asosiysi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu holatdan qaytarganlar.

Abu Dovud Samura ibn Jundabdan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: Kim mushrik bilan jamlansa va u bilan yashasa, u uningdekdir . Boshqa bir hadisi sharifda: Mushriklar ichida istiqomat qiladigan har qanday musulmondan men bariman (bezorman) , deydilar. Abu Dovud rivoyati.

Bu holatning ayniqsa eng yomon jihati, musulmon kishi o‘zining zurriyotini buzuqlik, dinsizlik va murtadlik xatari bilan yuzlashtiradi. Keyingi paytlarda AQSh va ayrim Yevropa mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz farzandlarining diyonati va kelajagidan qattiq xavotirga tushib qolganlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Statistikaga ko‘ra mazkur davlatlardagi muhojirlarning ikkinchi va uchinchi avlodi o‘z aslidan, dinidan anchagina uzoqlashib ketayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Bu to‘g‘rida ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: Zurriyotingizni dushman ortida qoldirmang! degan ta’limot mavjud. Abu Dovud rivoyati. Shundan kelib chiqib fuqaholar mol-dunyo ilinjida Dorul-harb aholisini ko‘paytiriyotgan musulmonning adolati soqit bo‘ladi va guvohligi rad etiladi, deyishadi. Bular musulmon haqqida juda hunuk holatlardir.

Shu o‘rinda tirikchilik ilinjida muhojirotda yurgan vatandoshlarimizga tavsiya. Rossiya, Koreya va G‘arb davlatlaridan ko‘ra musulmon mamlakatlarda ish izlaganingiz ma’qul. Masalan Amirliklar, Saudiya, Qatar, Ummon, Malayziya va Indoneziya kabi mamlakatlarda ish topsa bo‘ladi. Turkiyada ishlar kam maoshli (400-500$ atrofida) bo‘lsa-da, ammo o‘zligingiz, diningiz va axloqingizni saqlab qolishingiz osonroq va munkar ishlarga kamroq ro‘baro‘ bo‘lasiz. Musulmon uchun bu hayot va mamot masalasi, agar anglab yetsa.

Shu ma’noda yana bir toifa borki, ular G‘arb davlatlariga mahliyo bo‘lganlari, ularning taraqqiyotidan faxrlanganlari va musulmonlardan afzal bilganlari uchun bu mamlakatlarga ko‘chishadi. Bu holatning hukmi mutlaq harom bo‘lib, bunga dalil keltirishga ehtiyoj ham yo‘q.

Mubashshir Ahmad

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!