Buxoroda o‘lim bilan yakunlangan YTH sodir bo‘lgan yo‘l qismiga radar o‘rnatiladi

Buxoroda o‘lim bilan yakunlangan YTH sodir bo‘lgan yo‘l qismiga radar o‘rnatiladi

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida ikki kishi qurbon bo‘lgan YTH sodir bo‘lgan yerga radar o‘rnatiladi. Bu haqda «Postda» nashri xabar berdi.

19 may kuni aynan ushbu hududda odam o‘limi bilan yakunlangan YTH sodir bo‘lgan edi.

Hodisa soat 13:30 larda 4R-76 Qorako‘l–Yangibozor–Jig‘achi avtomobil yo‘lining 7-kilometrida yuz bergan. 1989 yilda tug‘ilgan M.J. Nexia tezligini me’yoridan oshirgan holda boshqarayotib, oldinda ketayotgan avtomobilni quvib o‘tish maqsadida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan. Shu vaqtda 1981 yilda tug‘ilgan N.T. boshqaruvidagi Lacetti’ning old qismiga urilib, YTH sodir etgan.

Bir yillik haydovchilik stajiga ega bo‘lgan M.J. ashaddiy qoidabuzar ekanligi aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra u bir yil davomida 12 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgan.

So‘nggi qoidabuzarligi natijasida olgan tan jarohati sababli M.J. YTH sodir bo‘lgandan bir kun o‘tib shifoxonada vafot etgan. Bu YTH natijasida 19 yoshli Z.N. ismli qiz ham halok bo‘lgan edi.

«Viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan bu kabi hodisalarning qayta takrorlanmasligi uchun muhim choralar ko‘rildi. Xususan, tezlikni onlayn tartibda nazorat qilib boruvchi radar o‘rnatilib, endilikda mazkur hududda ham tezkor reydlar o‘tkazib turilishi belgilandi», – deyiladi IIB xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!