Buxoroda ARK qo‘rg‘oni devoriga tirmashib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs jarimaga tortildi

Buxoroda ARK qo‘rg‘oni devoriga tirmashib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs jarimaga tortildi

29 yoshli yigit xorijlik va mahalliy sayyohlar ko‘z oldida ARK qo‘rg‘oni devoriga tirmashib chiqishga uringan. U bu qilmishi uchun BHMning 5 baravari – 1,7 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir yigit Buxoro shahrining tarixiy markazi qismida joylashgan ARK qo‘rg‘oniga tirmashib chiqishga uringani haqidagi xabar tarqaldi. Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida sud hujjati bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat 2024 yilning mart oyida bo‘lgan. Samarqand shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan A.A. xorijlik va mahalliy sayyohlar ko‘z oldida ARK qo‘rg‘oni devoriga tirmashib chiqishga uringan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2024 yil 27 martdagi qarori bilan yigit Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 64-1-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-1-moddasida moddiy madaniy meros ob’ektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish huquqbuzarligi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, moddiy madaniy meros ob’ektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish, ya’ni yozuvlar yozish, rasmlar chizish yo‘li bilan ularni tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish, moddiy madaniy meros ob’ektlarini, shu jumladan ularning tarixiy, ilmiy, badiiy yoxud o‘zgacha madaniy qimmatiga dog‘ tushiruvchi yoki ularni masxara qiluvchi harakatlarni sodir etish, xuddi shuningdek, moddiy madaniy meros ob’ektlariga nisbatan jamoat tartibini buzuvchi harakatlarni sodir etish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!