Qashqadaryoda 1 haftalik chaqalog‘ini 190 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin qamaldi

Qashqadaryoda 1 haftalik chaqalog‘ini 190 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin qamaldi

Ota o‘zining jinoiy sherigi bilan oldindan jinoiy til biriktirib, o‘zlariga turar joy sotib olishlari uchun qiz farzandini sotishni maqsad qilishgan.

Joriy yilning 28 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudida, ochiq sud majlisida sudlanuvchilar B.Q. va M.A.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, B.Q. g‘arazli va boshqa past niyatlarda o‘zining 2024 yilda tug‘ilgan X.G. ismli qizini o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligini bila turib, uni sotish maqsadida, shar’iy nikohida bo‘lgan M.A. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruhda, J.A.ga qiz farzandi borligini, o‘zlariga turar joy sotib olishlari uchun pul zarurligini, farzandini 190 000 000 so‘mga sotishini aytgan.

Joriy yilning 5 mart kuni Qarshi tumani "Mirmiron" mahallasida joylashgan "Universal ta’mir-ta’minot ishlab chiqarish" xususiy korxonasidagi qorovulxonada 2024 yil 25 fevral kuni tug‘ilgan X.G.ni 190 000 000 so‘mga sotib, shundan 45 000 000 so‘m miqdoridagi pullarni olishgan vaqtida, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Q.B, JKning 135-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga nisbatan JKning 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi M.A. JKning 135-moddasi 3-qismining "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga nisbatan JKning 57-moddasini qo‘llab, sutkaning kech soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash uyidan chiqishni cheklagan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!