Hindiston va Xitoy bahsli chegara hududlari masalasini tez fursatda hal qilishga kelishib oldi

Hindiston va Xitoy bahsli chegara hududlari masalasini tez fursatda hal qilishga kelishib oldi

Hindiston va Xitoy rasmiylari bahsli chegara hududlari masalasidagi o‘zaro muammolarni tez fursatda hal qilishga kelishib oldi. Bu haqda ikki tomon e’lon qilgan qo‘shma bayonotlarga asoslanib, Reuters xabar berdi.

Manbada aytilishicha, 4 iyul kuni Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar va Xitoy xorijiy idorasi raisi Van I o‘rtasida uchrashuv tashkil etilgan. Uchrashuv Qozog‘istonda o‘tayotgan SHHT sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan.

Ikki yirik mamlakat tashqi ishlar vazirlari Kashmir va Himolaydagi bahsli uchastkalar borasida muzokara olib borgan. Hukumatlar chegara hududlarini aniqlash va demarkasiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqayotgani aytilgan. Bu dastur kelgusida muammolarni bartaraf qilishi xabar berilgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi so‘nggi chegara muammosi 2020 yilning iyul oyida ro‘y bergan edi. Chegara hududida harbiylar to‘qnashuvi oqibatida 20 nafar hind va 4 nafar xitoylik askar halok bo‘lgan.

Hindiston va Xitoy Himolay tizmasi bo‘ylab uzun chegaralarga ega. Bu chegaraning katta qismi demarkasiya qilinmagan. Kashmir sharqidagi katta hududlar har ikki mamlakat tomonidan da’vo qilinib kelsa-da, amalda hech kim tomonidan boshqarilmaydi.

Ostonadagi sammit doirasida xitoylik hamkasbi bilan uchrashgan Subramanyam Jayshankar chegara hududlaridagi mavjud vaziyatning davom etishi hech bir tomonning manfaatiga mos emas deya fikr bildirgan. O‘zaro tahdidni bartaraf etish uchun oliy darajadagi diplomatik uchrashuvlar Pekin va Nyu Dehli rasmiylari o‘rtasida tashkil etilishi xabar berilgan.

Hindiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida asosiy mavzu Sharqiy Ladakh o‘lkasi bo‘lgan. Vazirlar Kashmirdan sharqda joylashgan bu mintaqadan qurolli qismlarni to‘la olib chiqishni muhokama qilgan. Xitoy tomoni Pekinga qaytgach bu masala mamlakat rahbari bilan muhokama qilinishini bildirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!