Bayden oxirgacha kurashadi

Bayden oxirgacha kurashadi

AQSh prezidenti Jo Bayden 3 iyul kuni o‘tkazilgan saylov kampaniyasi uchrashuvida prezidentlik poygasini tark etmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters prezident bayonotiga asoslanib xabar berdi.

Bayden o‘z siyosiy kampaniyasini “so‘ngiga qadar” davom ettirishini bildirgan. Salomatlikdagi muammolar yoki o‘z partiyasidagi e’tirozlar uni fikridan qaytara olmasligini aytgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni saylovoldi tashviqoti xodimlari bilan telefon muloqoti va Demokratlar partiyasidan tayinlangan qonunchilar hamda gubernatorlar bilan uchrashuvlar chog‘ida 2024 yilgi prezidentlik poygasida qolishga va’da bergan. Uning mansabga layoqatsizligi haqidagi xabarlarni ommaga “doston qilmaslik”ni so‘ragan.

Hech kim meni ko‘ksimdan itarmayapti. Men ketmayman. Men bu poygada oxirigacha qatnashaman”, — degan Bayden.

Manbada aytilishicha, hozircha Baydenni qo‘llashi kutilgan 24 nafar shtat gubernatorlaridan faqat uchtasi — Nyu York, Minnesota va Merilend shtatlari rahbarlari amaldagi prezident bilan birdamligini e’lon qilgan. Qolganlar esa Bayden salomatligi tufayli tez orada poygadan chiqishi mumkinligini taxmin qilib, prezidentni qo‘llashni rad etgan.

Baydenning yoshi va kognitiv salomatligi borasidagi xavotirlar Donald Tramp bilan debatdan so‘ng yuzaga keldi. Prezident debat jarayonida tushunarsiz nutq qilgan, fikrlari chalkashib ketgan.

Muvaffaqiyatsiz debat esa kuzatuvchilarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Fuqarolarning ko‘pchiligi Baydenni keksalik tufayli vazifasida qolishga nomunosib deb topgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!