“Uenzdey”ning ikkinchi mavsumi Irlandiyada suratga olingan eng qimmat film bo‘ladi

“Uenzdey”ning ikkinchi mavsumi Irlandiyada suratga olingan eng qimmat film bo‘ladi

Netflix’ning olamshumul mashhurlikka erishgan “Uenzdey” serialining ikkinchi mavsumi Irlandiyaning Uiklou grafligida suratga olinadi. Mazkur loyiha mamlakat tarixidagi eng qimmat filmga aylanadi. Bu haqda “Pravila jizni” xabar bermoqda.

Irlandiya kinematografiya kengashi Screen Ireland qayd etishicha, “Uenzdey” ushbu davlatdagi ishlab chiqarish xarajatlari bo‘yicha eng qimmatbaho va yirik loyiha bo‘lishi kutilmoqda. Suratga olish ishlari uchun sarf etiladigan mablag‘ hajmi ma’lum qilinmagan.

Shu munosabat bilan, Irlandiya bosh vaziri Saymon Xarris hamda madaniyat, sport va OAV vaziri Ketrin Martin suratga olish maydoniga tashrif buyurdi. Ular rejissyor Tim Berton va serial ishtirokchilari bilan uchrashdi.

Netflix kompaniyasi rahbariyati so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mazkur striming xizmati Irlandiyadagi filmlar va teleseriallarni suratga olish uchun katta sarmoya kiritmoqda. Ular orasida “Jadovilni qamal qilish” (2016), “Mo‘jiza” (2022), “Vikinglar: Valxalla” (2022) va “Bodkin” (2024) kabi loyihalar bor. Serialning bosh rol ijrochisi Jenna Ortega ikkinchi mavsumga prodyuserlik ham qiladi.

Addams oilasiga bag‘ishlangan “Uenzdey” serialining birinchi mavsumi Ruminiyada suratga olindi, ammo syomka paytida ijodiy jamoa logistika bilan bog‘liq muammolarga duch keldi. 2022 yilda taqdim etilgan loyiha 250 million martadan ortiq ko‘rildi va to‘rt karra “Emmi” mukofotiga sazovor bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!