Reseptsiz beriladigan dorilar va tibbiy buyumlar uchun narx cheklovi olib tashlanadi

Reseptsiz beriladigan dorilar va tibbiy buyumlar uchun narx cheklovi olib tashlanadi

Referent narxlar faqat resept asosida beriladigan dorilar uchun saqlab qolinadi, farmasevtika sohasidagi barcha korxonalar QQS to‘lovchisiga aylanadi, deya ma’lum qildi Farmagentlik rahbari Abdulla Azizov. Amaldagi tartibga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji sotuvchilar 15 foizgacha, chakana sotuvchilar esa 20 foizga ustama qo‘yib sotishi mumkin.

Reseptsiz beriladigan dorilar va tibbiy buyumlar uchun narx cheklovi olib tashlanadi

calendar

19:12

351

Referent narxlar faqat resept asosida beriladigan dorilar uchun saqlab qolinadi, farmasevtika sohasidagi barcha korxonalar QQS to‘lovchisiga aylanadi, deya ma’lum qildi Farmagentlik rahbari Abdulla Azizov. Amaldagi tartibga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji sotuvchilar 15 foizgacha, chakana sotuvchilar esa 20 foizga ustama qo‘yib sotishi mumkin.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida, 4 iyul kuni sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan tadbirkor tibbiy buyumlar uchun referent narxlarni bekor qilishni taklif qildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, dori vositalarining chegaralangan narxlari (referent narxlari) bor. Ya’ni dori vositalarini O‘zbekistonga import qilish yoki ishlab chiqarishda Farmagentlikdan ro‘yxatdan o‘tkazilganda shu dori vositasining belgilangan (bazaviy) narxi shakllanadi. Qonunchilik talabiga ko‘ra, ulgurji sotuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar [dori ustiga] 15 foizgacha ustama qo‘yishi mumkin, chakana sotuvchi esa 20 foizgacha. Shundan kelib chiqib, dori vositalarining narxi boshlang‘ich narxiga nisbatan 35 foizdan oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi, shundan ortiq narxda sotish huquqbuzarlik hisoblanadi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, tibbiy buyumlarni dori vositalaridan ajratish vaqti kelgan. Chunki dorilar millionlab, tibbiy buyumlar esa o‘nlab yoki yuzlab sotiladi.

“Tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi chet el firmasining disribyutori bo‘lsangiz, boshqa firmaning mahsulotlarini sota olmaysiz. 15 foizlik referent narx bilan [tadbirkor] qayerga boradi, qanday qilib oliy malakali xodimlarni jalb qilish kerak? Yaqinda Abdulla Azizov “4-5 mingta dori vositalarining ro‘yxati chiqadi, faqat shular bo‘yicha referent narx qoladi” degandi. Hozir QQS kirganiga 3 oy bo‘ldi, shu narsa hali ham yo‘lga qo‘yilmadi”, – dedi tadbirkor.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonga tibbiy buyumlarning “90 foizdan oshig‘i” kontrabanda bilan keladi.

“Bu [referent narx] kontrabandani tugatish yo‘li bo‘lmaydi, uni tugatish uchun yengillik berish kerak. Birinchi o‘rinda referent narx olib tashlanishi kerak. QQS kirdi yaqinda, bu kontrabandani battarlashtirmaydimi?” – dedi u.

Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov bunga javoban referent narxlar faqat resept bilan beriladigan dori vositalari uchun saqlanib qolinishi ma’lum qildi.

“Referent narxlar bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlangan. Prezidentimiz ham menga kiritinglar, deb topshiriq berganlar. Hozirgi kunda adminstrasiyada turibdi, moliya vazirligi bilan ham kelishib bo‘lganmiz. 15 foiz faqat resept bilan beriladigan dorilarga qoladigan bo‘ldi. Reseptsiz beriladigan dorilardan ham, tibbiy buyumlardan ham chiqib ketadi. 2-3 haftada farmon chiqishi kerak”, – dedi farmagentlik rahbari.

Abdulla Azizovning qo‘shimcha qilishicha, 2025 yildan farmasevtika mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi barcha kompaniyalar QQS to‘lashga o‘tkaxiladi.

Ma’lumot uchun, dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun cheklangan savdo ustamalari 2017 yil 1 yanvardan joriy qilingan.

Eslatib o‘tamiz, dori vositalarini belgilangan limitdan qimmat sotgan tadbirkorlar uchun 2023 yil may oyidan jazolovchi tizim ishga tushgani tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Kun.uz dorixonachi tadbirkorlarning muammosini yoritgandi.

Raqobat qo‘mitasi ishga tushirgan “Fair Tech” tizimi referent narxlardan qimmat sotgan dorixonalarni aniqlaydi va ortiqcha undirilgan pul iste’molchilarga qaytarib beriladi. Buning uchun, dorixonadan dori sotib olganda xarid chekini “Soliq” mobil ilovasiga skaner qilish kerak. Agar dori bazadagi narxdan qimmat sotilgani aniqlansa, Raqobat qo‘mitasiga avtomatik ariza yuboriladi. Dorixonaga nisbatan savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jarima jazosi qo‘llanadi; ortiqcha undirilgan pul dorixonadan iste’molchi foydasiga undiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!