Barchasi joriy yilgi oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari haqida...

Barchasi joriy yilgi oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari haqida...

Joriy yil oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi belgilanib, dastlab kasbiy/ijodiy imtihonlar 5–19-iyul kunlari o‘takazilishi tasdiqlandi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova 2024/2025 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish hamda magistraturaga qabul tartibi bo‘yicha fuqarolardan kelgan savollar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Brifing

2024/2025 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish hamda magistraturaga qabul tartibi bo‘yicha fuqarolardan kelgan savollarga javoblar

1. Oliy ta’lim muassaslalariga imtihonlar qachondan boshlanadi?

Prezident farmoniga muvofiq, joriy yil oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkazilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, dastlab kasbiy/ijodiy imtihonlar 53 ta oliy ta’lim muassasasida 5–19-iyul kunlari o‘takazilishi tasdiqlandi. Ya’ni ertadan boshlab belgilangan Oliy ta’lim muassasalarida sport, san’at, jurnalistika kabi alohida iqtidor talab etadigan yo‘nalishlarda kasbiy/ijodiy imtihonlar boshlanadi.

Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini sanasi bo‘yicha ma’lumot rasman tasdiqlangandan so‘ng vazirlikning rasmiy sahifalari orqali qo‘shimcha xabar beriladi.

2. Imtihonga kirish uchun ruxsatnomalarni qayerdan olsa bo‘ladi?

Ruxsatnoma abituriyentning my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetida shakllantiriladi. Abituriyent ruxsatnomasida imtihonlar o‘tkaziladigan manzil, kuni va vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Hozirda kasbiy/ijodiy imtihonlarga kiradigan abituriyentlar shaxsiy kabinetlaridan ruxsatnomalarni yuklab olishlari mumkin.

Test sinovlariga kirish uchun ruxsatnomalar ham my.uzbmb.uz saytida shakllantirilmoqda. Jarayon yakunlangandan so‘ng, abituriyentlar shaxsiy kabinetidan yuklab olishlari mumkin bo‘ladi.

3. Ro‘yxatan o‘tgan telefon sim kartasi yo‘qolib qolsa, qanday qilib ruxsatnoma olinadi?

Ruxsatnomalarni my.uzbmb.uz saytidagi abituriyent shaxsiy kabinetidan yuklab olishlari mumkin. Bunda onlayn ro‘yxatdan o‘tishdagi telefon raqam login o‘rnida hamda o‘zlari qo‘ygan parolni kiritgan holda shaxsiy kabinetga kirib, ruxsatnomani yuklashi mumkin. Agarda telefon sim kartasi yo‘qolgan va parol yoddan ko‘tarilgan bo‘lsa, quyidagilarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

- Aloqa kompaniyasiga borib, ro‘yxatdan o‘tgan raqamni qayta tiklash (sim kartani yangilash);

- Yoki buning ham imkoni bo‘lmaganda Bilimni baholash agentligi va uning hududiy bo‘limlariga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan murojaat qilganda, murojaatchi so‘ragan boshqa telefon raqamiga o‘zgartirib beriladi.

4. Kechikib kelgan abituriyentlarga imtihonga kirishga ruxsat beriladimi?

Imtihonga kechikish mumkin emas. Imtihonlarning boshlanish aniq vaqti abituriyent ruxsatnomasida yozilgan bo‘ladi. Shu bois, abituriyentlardan ruxsatnomada belgilangan muddat va manzilga imtihon boshlanishidan bir soat oldin yetib borishlari so‘raladi.

5. Test sinovi kuni ayrim sabablarga ko‘ra boshqa viloyatda bo‘lib qolgan abituriyent o‘sha viloyatda test sinovidan o‘tsa bo‘ladimi?

Yo‘q, abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida qaysi viloyatni belgilagan bo‘lsa, ayni shu hududda tashkil etilgan imtihonda qatnashishi mumkin. Boisi, shu abituriyent uchun test materiallari ayni u belgilagan hudud uchun ajratilgan bo‘ladi va uni almashtirish imkoni mavjud emas.

6. 5 tagacha yo‘nalishni tanlash saqlab qolinganmi?

Ha, bu yil ham abituriyentlar kirish imtihonlarining yakuniy natijalari chiqqandan so‘ng, mutaxassislik fanlariga mos 5 tagacha yo‘nalishni tanlash imkoniyati ega bo‘ladi. Buning uchun ularga test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun muhlat beriladi. Ushbu muddat davomida abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

7. Magistraturaga talabalar qay tartibda qabul qilinadi?

Belgilangan tartibga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida amalga oshiriladi. Bunda, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilinadi hamda qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.

8. Magistraturaga o‘qishga qabul qilingan yoki qabul qilinmaganligi to‘g‘risidagi natija qachon e’lon qilinadi?

Magistraturaga qabul qilish belgilangan qabul kvotalari doirasida ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat komissiyasining oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori 20 avgustga qadar tasdiqlanishi belgilangan.

9. Ijtimoiy tarmoqlarda talabalar o‘qishini nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliygohlarining mos va turdosh bo‘lmagan (ya’ni, noturdosh) ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish tartibiga izoh bersangiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda talabalar o‘qishini nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliygohlarining mos va turdosh bo‘lmagan (ya’ni, noturdosh) ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish tartibi alohida yangilik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Aslida talabalar o‘qishini respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish tartibi Prezidentning 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qarori bilan tasdiqlangan. Unga ko‘ra, mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish uchun talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.

Test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan (ya’ni noturdosh) ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdori har yili Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi va u yo‘nalishga qarab bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 8 baravaridan 25 baravarigacha bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda, o‘qishni ko‘chirish jarayonida namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi beriladi yoki GPA o‘tish ballini to‘play olmagan talaba sifatida qayta o‘qish uchun tegishli kursda qoldirish taklifi beriladi. Bunda kursdan kursga qolgan talabalar faqat qarzdor bo‘lgan fanlarni o‘zlashtirib ularga mos ravishda shartnoma mablag‘larini to‘laydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!