500 dan ortiq olimlar O‘zbekiston Prezidentiga bilim va tajribalarini bir maqsad yo‘lida safarbar etishga va’da berishdi

500 dan ortiq olimlar O‘zbekiston Prezidentiga bilim va tajribalarini bir maqsad yo‘lida safarbar etishga va’da berishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori» mavzusidagi respublika forumi ishtirokchilarining MUROJAATI qabul qilindi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” Forumi mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy hayotida yorqin iz qoldirdi.

Forumda yurtimizning barcha hududlaridan 500 dan ortiq yetuk olimlar, fan arboblari, ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, diniy soha vakillari ishtirok etdi. Ular 10 ta sho‘’baga bo‘lingan holda Islom sivilizasiya markazining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi hamda uning tarkibidagi muzey ekspozisiyasini shakllantirishga bag‘ishlangan 50 dan ortiq ma’ruzalarni tinglab, 600 ga yaqin taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori» mavzusidagi respublika forumi ishtirokchilarining MUROJAATI qabul qilindi.

Murojaatda jumladan, shunday deyiladi: “Yurtimiz tarixida birinchi marta amalga oshirilayotgan noyob megaloyiha sifatida baholanayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazini barpo etish to‘g‘risidagi tashabbusingiz muqaddas dinimizning tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ulug‘lash, xalqimizning buyuk tarixi, boy madaniy-ma’rifiy merosini tiklash va dunyoga targ‘ib etish borasidagi doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligingizning yuksak amaliy namunasi sifatida ayniqsa tahsinga sazovordir.”

Darhaqiqat, ushbu markaz o‘zbek xalqining ulug‘vor tarixi va madaniy merosi hamda diniy qadriyatlarining betakror timsoli sifatida bunyod etilayotgani qayd etilib, murojaatda shunday fikrlar bildirildi: “Bugungi tahalikali davrda,xususan, islom nomi bilan amalga oshirilayotgan xurujlar avj olgan bir sharoitda, ushbu markaz har qanday yot g‘oyalarga qarshi ilmiy raddiyalar orqali javob beradigan hamda yoshlarimiznito‘g‘ri yo‘lga boshlashda yetakchi markazlardan biriga aylanadi. Shuningdek, bu yerdagi barcha muzey ekspozisiyalarida aks etadigan ilmiy-tadqiqot ishlanmalari barcha yoshlarimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk vazifaga yetaklab, buyuk ajdodlarimiz tarixi haqidagi to‘g‘ri fikrni shakllantirishga xizmat qiladi,deb ishonamiz.”

Shuningdek, forum ishtirokchilari o‘z MUROJAATlarida alohida ta’kidlaganlaridek,“Sizning tashabbusingiz bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizasiyasi markazi kelgusida xalqimiz va ayniqsa yoshlarimizning ongu tafakkurini, qalbi va ruhini yuksaltirib, Uchinchi Renessans bunyodkori etib tarbiyalashga, Yangi O‘zbekistonning o‘ziga xos ma’naviy ko‘zgusi bo‘lib xizmat qiladigan betakror maskanga aylantirish bo‘yicha barcha maqsad va vazifalarni aniq belgilab olganimiz, hech shubhasiz, faoliyatimiz samarasini oshirishda muhim ahamiyatga egadir”.

Murojaat yakunida: “Biz, Forum ishtirokchilari Islom sivilizasiyasi markazini ilm va ma’rifat, yangi g‘oyalar ishlab chiqadigan chinakam aql markaziga aylantirish yo‘lida Sizga yordamchi va ko‘makchi bo‘lib, chin dildan mehnat qilishga, o‘zimizning bor bilim va tajribamiz, iste’dodimizni shunday ulug‘ ishga bag‘ishlashga va’da beramiz,”- degan so‘zlar yurtimizdagi barcha yetuk olimlar, fan arboblari, yosh tadqiqotchilar, turli soha vakillarining dil izhori sifatida yangradi.

Anjuman yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizasiya markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyatini yanada takomillashtirish, uning tarkibidagi muzey ekspozisiyasi bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ilmiy kengashni tashkil etish bo‘yicha forum ishtirokchilari tomonidan qaror qabul qilindi. Mazkur Ilmiy kengash forum doirasida bildirilgan 600 dan ortiq takliflarni o‘rgangan holda ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi hamda hukumatga taqdim etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!