Bosh prokuratura: ish haqi va nafaqa pullarining 3,7 milliard so‘mi talon-toroj qilingani bo‘yicha 34 jinoyat ishi ochildi

Bosh prokuratura: ish haqi va nafaqa pullarining 3,7 milliard so‘mi talon-toroj qilingani bo‘yicha 34 jinoyat ishi ochildi

Prokuratura organlari aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, aynan ushbu yo‘nalishda qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov shu haqda ma’lumot berdi:

– Prokurorlar sektorlaridagi «Temir daftar»ga kiritilgan 5 mingdan ziyod oilaga har tomonlama ko‘mak berilmoqda. «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan xotin-qiz va yoshlarning huquqlarini himoya qilishga doir ishlar davom ettirilmoqda.

«Mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda yoshlarni xatlovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi va 500 mingga yaqin otaliqqa olinadigan yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi.

Bugungi kun holatiga yoshlarning 2 ming 881 nafarining bandligi ta’minlandi, 1 ming 796 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 400 nafariga kredit ajratildi, 475 nafariga 536 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi, 191 nafar yoshga 712 million so‘m subsidiya ajratildi.

Aholi bandligi, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan dasturlar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirildi. Xususan, o‘tkazilgan o‘rganishlarda 31 mingdan ortiq ish o‘rinlari hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlanib, aybdor shaxslar tegishli javobgarlikka tortildi.

Bundan tashqari, 274 nafar ishchi-xizmatchining kechiktirilgan 966 million so‘m ish haqi undirib berildi.

Prokurorlar tashabbusi bilan 311 marotaba mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 4 ming 312 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.

Ish haqi va nafaqa pullarining 3,7 milliard so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, 34 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tadbirkorlar, shu jumladan, xorijiy investorlarning 8 ming 257 nafariga «Tez yordam» tamoyili asosida amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada faoliyat ko‘rsatmayotgan 4 ming 432 tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qayta tiklanishi hisobiga 3 mingdan ortiq ish o‘rinlari yo‘qotilishining oldi olindi.

Shuningdek, 6,2 ming holatda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘sqinliklar aniqlanib, bartaraf etildi hamda 3,1 ming nafar tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Xorijiy investorlar faoliyatida yuzaga kelgan 1 ming 644 muammo ijobiy hal etildi. Kredit mablag‘lari talon-toroj qilinishining oldini olish, muammoga aylangan kredit qarzdorliklarining qaytarilishini ta’minlash ishlari ustidan nazorat yanada kuchaytirildi.

Prokuratura organlarining aralashuvi bilan qarzdorliklarning 6,4 trillion so‘mi amalda undirildi. 5,7 trillion so‘mlik kreditlar bo‘yicha garovdagi mulklarning sotuvga chiqarilishi ta’minlandi. 1,2 trillion so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qarzdorlarning ish haqiga qaratildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida kredit mablag‘larining 1,5 trillion so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, bank va korxonalar rahbarlariga nisbatan 540 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 14,3 trillion so‘mlik yoki 54 foiz muammoli kreditlar qisqartirildi.

Byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash, talon-toroj qilinishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan davrda har bir qurilish-ta’mirlash loyihasi prokuratura organlarida o‘rganilib, yangidan boshlanuvchi 1 ming 268 ob’ekt uchun tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlaridagi 1,8 trillion so‘m mablag‘ maqbullashtirilishi orqali byudjetdan ortiqcha xarajat qilinishining oldi olindi.

Shu bilan birga, qurilish sifati va mablag‘lardan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratilib, 26,6 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar va 44,5 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida bartaraf etilib, huquqbuzarliklarning oldi olindi.

Olib borilgan nazorat tadbirlarida 32 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 17,6 milliard so‘m zarar undirildi.

Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Ko‘rilgan choralar natijasida respublikadagi mahallalarning 5 ming 763 tasida yoki 61 foizida jinoyat qayd etilmadi, 2 ming 947 tasi yoki 31,2 foizida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishildi.

Tezkor-qidiruv sohasida ham nazorat kuchaytirilib, noaniq sharoitlarda sodir etilgan 6 ming 880 ta jinoyat fosh etilishi hamda qidiruvda bo‘lgan 3 ming 324 nafar shaxsning ushlanishi ta’minlandi.

Surishtiruv va tergov organlarining 29 ming 448 nafar shaxsga nisbatan 23 ming 439 ta jinoyat ishi o‘rganilib, sudlarga yuborildi. Bevosita prokuratura organlari tomonidan 5 ming 504 nafar shaxsga nisbatan 3 ming 563 ta jinoyat ishi sudlarga yuborildi, jinoyat oqibatida yetkazilgan 1,5 trillion so‘mlik zarar undirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!