Britaniyada mushukning to‘qqiz jonidan biri saqlab qolindi. Buning uchun tezyurar poyezdni 2,5 soatga to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan

Britaniyada mushukning to‘qqiz jonidan biri saqlab qolindi. Buning uchun tezyurar poyezdni 2,5 soatga to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan

London—Yuston temir yo‘l vokzalida Manchesterga ketishi kerak bo‘lgan tezyurar poyezd tomiga mushuk chiqib olgani sabab uning harakatini vaqtincha to‘xtatishga to‘g‘ri keldi, deb xabar beradi Meduza.

Jonivor qanday qilib poyezd tomiga chiqib olgani noma’lum. Mushukni payqab qolishmaganida, u o‘lishi mumkin edi: mazkur tezyurar poyezd soatiga 200 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Shuningdek, hayvonga temir yo‘ldagi elektr uzatish liniyalari ham xavf tug‘dirishi mumkin edi.

Vokzal xodimlari poyezd tomidagi mushukni tushirib olish uchun 2,5 soat harakat qilgan. Vagon yonida chiqindi konteyneri qo‘yilganidan so‘ng, vazifa uddalangan — mushuk uning ichiga sakragan. Yo‘lovchilar mushukning qutqarilishini kutishga majbur bo‘lmagan: ular uchun zaxira poyezdi harakatga kelgan.

«Yaxshiyamki, qiziquvchanlik mushukni o‘ldirmadi va u o‘zining to‘qqizta jonidan birini sarflab yubormaganidan xursandmiz», — deydi temir yo‘l stansiyasi xodimi Jo Xendri.

Avvalroq Sudanda samolyot uchuvchilar kabinasida ularga hujum qilgan mushuk tufayli favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!